Buffon eta olmagan rekord haqida
Kuni kecha Evropa Chempionlar ligasida finalchilar nomi aniqlandi. “Yuventus” yarim finalda “Monako”ni har ikkala o‘yinda ham mag‘lub eta oldi va final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Biroq Turinda kechgan javob bahsida “Monako”ning yosh iqtidorli futbolchisi Kilian Mbappe mezbonlar darvozasini ishg‘ol etdi va Buffonning 600 daqiqalik quruq seriyasiga chek qo‘ydi. Shu munosabati bilan esa biz EChLda eng uzun quruq seriya qayd etgan darvozabonlar bilan sizlarni tanishtirishni maqsad etdik.
>>“U Messidan ham kuchli bo‘ladi” yoxud Mbappening ajoyib natijalari haqida
>>Top-5 chempionatlarda eng ko‘p gol kiritgan 5 to‘purar
5. Djanluidji Buffon(“Yuventus”) – 600 daqiqa
Muddati: 22.11.2016 - 09.05.2017

Umuman, “Yuventus” Mbappening goliga qadar so‘nggi bor EChLda o‘tgan yilning 23 noyabr sanasida o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan edi. To‘g‘ri, o‘shanda darvozada Netu bo‘lgan. Buffon esa pley-off o‘yinlaridan e’tiboran “keksa sinora” darvozasini qo‘riqlamoqda va salkam 10 soat mobaynida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab keldi.
>>APL braziliyaliklar uchun emasmi?
4. Dida – 623 daqiqa(“Milan”)
Muddati: 02.11.2004 - 04.05.2005

“Milan”ning sobiq kiperi 2004/05 yilgi mavsumda EChLda ketma-ket 7 o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Bu o‘yinlarda “rossonerilar” “Barselona”, “MYu” va “Inter” kabi kuchli jamoalar bilan o‘ynaganligini alohida e’tirof etish joiz. Faqatgina sakkizinchi o‘yinga kelibgina braziliyalik darvozabonning quruq seriyasi nihoyasiga etgan. O‘shanda yarim finalning javob o‘yinida “PSV” Dida darvozasiga 3 bor yo‘l topadi. Biroq shuncha gol ham eyndxovenliklarni finalga olib chiqish uchun kamlik qilgan edi.
3. Edvin van der Sar – 658 daqiqa(“Ayaks”)
Muddati: 27.09.1995 - 03.04.1996

Gollandiyalik afsonaviy posbon “Ayaks” safida o‘ynab yurgan kezlari EChLda ketma-ket 6 ta o‘yinda darvozasidan to‘p o‘tkazib yubormaydi. Bu 1995/96 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. O‘shanda “Borussiya Dortmund”, “Real” singari nomdor jamoalar ham van der Sar darvozasiga yo‘l topa olmagan. Faqatgina yarim finalning birinchi o‘yinida “Panatinaikos” katta shov-shuv ko‘tarib, “Ayaks”ni mehmonda mag‘lub etishning uddasidan chiqadi. Biroq javob bahsida yunonlardan 3:0 hisobida ustun kelgan Lui van Gal shogirdlari finalga chiqishadi. Hal qiluvchi o‘yinda esa penaltilar seriyasidagi omadsizlik sabab “yaxudiylar”(“Ayaks”ning laqabi, muallif) bosh sovringa ega chiqa olishmaydi.
2. Keylor Navas – 737 daqiqa(“Real”)
Muddati: 26.11.2014 - 06.04.2016

Navasning quruq seriyasi bir mavsumga emas, balki, bir nechta mavsumga to‘g‘ri keladi. 2014 yilning 26 noyabr sanasida “Bazel”ga qarshi kechgan o‘yinda boshlangan 737 daqiqalik mazkur quruq seriya 6 aprelda “Volfsburg”ga qarshi o‘yinda nihoyasiga etadi. To‘g‘ri, bu orada “Real” bir nechta o‘yinda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. Biroq bu paytda Navas Kasilyas bilan raqobatlashar edi va har bir o‘yinda maydonga tushmas edi. Ammo fakt shuki, kosta-rikalik kiper tushgan o‘yinlarda “Real” gol o‘tkazib yubormagan o‘sha vaqtda. 2015/16 yilgi mavsumda esa guruh bosqichida Navas tushgan o‘yinlarda “qaymoqranglilar” to‘p o‘tkazib yubormagan.
1. Yens Lemann – 853 daqiqa(“Arsenal”
Muddati: 18.10.2005 - 13.09.2006

2005 yilning oktyabr oyida “Sparta”ga qarshi o‘yinda boshlangan seriya 2006/07 yilgi mavsumda nihoyasiga etadi. Lemann 2006 yilgi EChL finalida 18-daqiqada maydondan chetlatiladi. Bu vaqtda esa hisob ochilmagan edi. “Barselona”dan o‘tkazib yuborilgan har ikkala gol Manuel Almuniya darvozasiga kiritilgan. Lemanning quruq seriyasini esa “Gamburg” klubi hujumchisi Bubakar Sanogo buzgan edi.
Tavsiya etamiz:
- Hakamlar “Barselona”ga yon bosadi(mi)
- Ronaldu – afsona! Qarshimisiz? Isbotlaymiz!
- EChLda “Bavariya”ga eng ko‘p gol kiritgan futbolchilar
Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar