
Fayzullaev O‘zbekistonda o‘zidan zo‘r futbolchilar borligi aytdi
Rossiya ITAR-TASS axborot agentligi O‘zbekiston olimpiya va milliy terma jamoalari a’zosi, TsSKA klubi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevning fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
20 yoshli futbolchimiz suhbatda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari bilan munosabati haqida ham gapirdi.
- O‘zbekiston har doim o‘z futbolchilari va legionerlarini qo‘llab-quvvatlab keladi. O‘zimga ham O‘zbekistondan juda ko‘p yozishadi. Bu menga yoqadi.
Lekin o‘zimni O‘zbekistonning eng mashhur futbolchisi, deb hisoblamayman. Boshqa o‘yinchilar bor, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasida mavsumning asosiy kashfiyoti, deb topildi va ayni paytda ommaviy axborot vositalarining legionerimizga bo‘lgan e’tiborini yanada kuchaygan.
Hamyurtimiz o‘tgan yili avgustda “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tganidan keyin yangi chempionatga juda tez moslashdi.
Qisqa fursatda “armiyachilar”ning etakchisiga aylangan iste’dodli futbolchimiz jamoasining hujumlarini tashkil qilishda jonbozlik ko‘rsatdi. TsSKA o‘zbek legioneri yordamida ligada eng ko‘p to‘p kiritgan jamoaga aylandi.
Poytaxt klubi mavsum davomida 30 ta uchrashuvda raqiblari darvozasini jami 56 marotaba ishg‘ol qildi. Abbosbek Fayzullaevning o‘zi to‘rtta gol va 11 ta assist muallifi bo‘ldi.
Bundan tashqari, Abbos yana bir necha to‘p kiritilgan vaziyatda jamoadoshlarining golli hujumlarini tashkil qilib berdi.
Fayzullaevning TsSKA bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha imzolangan. Tomonlarda o‘zaro kelishuv asosida hamkorlikni yana bir yilga uzaytirish huquqi bor.
Transfermarkt portali Fayzullaevni 5 million evroga baholamoqda. Abbosbek bu borada “Roma”ga tegishli bo‘lgan Eldor Shomurodov va Turkiyaning “Beshiktosh” jamoasida o‘ynayotgan qozog‘istonlik o‘zbek futbolchi Baxtiyor Zaynutdinov bilan birga Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisi hisoblanadi.
E’tiborli tomoni, ancha tajribali hisoblangan Shomurodov va Zaynutdinovning transfer narxi tushayotgan bo‘lsa, Fayzullaevniki keskin ko‘tarilmoqda.
Fikrlar