
“Jenoa” futbolchilari Shomurodovni kutib ololmaydi
“Rostov”dan “Jenoa”ga o‘tishi kutilayotgan Eldor Shomurodov juma kuni bu klub uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda. Garchi, genuyaliklar qizg‘in o‘tayotgan muzokaralarda “Fiorentina” va “Verona”ni ortda qoldirib, o‘zbek hujumchisi uchun kurashda g‘olib chiqqani aytilayotgan bo‘lsa-da, klubda og‘ir vaziyat hukmronlik qilmoqda.
Eldor Shomurodovni intizorlik bilan kutayotgan va bu transfer amalga oshishini tasdiqlagan “Jenoa” sport direktori Daniele Fadjiano butun jamoa karantinga olinganini e’lon qildi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, “Jenoa” A Seriyaning shanba kuni bo‘ladigan uchinchi tur uchrashuvida “Torino”ga qarshi maydonga tusha olmaydi. Bu bahs “Jenoa” maydonida bo‘lishi kerak edi.
Buning sababi 28 sentyabr kuni genuyalik futbolchilari orasida koronavirus infektsiyasi tarqalgan va shu kunning o‘zida kasallik alomatlari va virus aniqlangan 14 kishi shifokorlar nazoratiga olingan.
UEFA protokolida o‘yinni tashkil qilish uchun jamoa ro‘yxatida kamida 13 nafar o‘yinchi bo‘lishi shart. Biroq, Fadjiano klubda hozir o‘yin o‘tkazish imkoniyati yo‘qligini ta’kidlamoqda.
- Hammamiz karantindamiz. Bizni sog‘liqni saqlash organlari izolyatsiyaga oldi va shanba kungi o‘yinda ishtirok eta olmaymiz. Hech kim mashg‘ulot o‘tkazayotgani yo‘q. Uchrashuvni keyinroqqa qoldirishga to‘g‘ri keladi, - dedi Fadjiano.
“Jenoa” klubi tarqatgan oxirgi xabarlarda klubda ayni paytda 15 kishi koronavirus bilan kurashayotgani ma’lum qilinmoqda. Ularning 11 nafari futbolchilardir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Franchesko Kassata, Lukas Lerager, Federiko Marketti, Filippo Melegoni, Luka Pellegrini, Mattia Perin, Marko Pyatsa, Ivan Radovanovich, Lasse Shone, David Dzappakosta va Valon Bexrami kabi asosiy tarkib o‘yinlari kasallikni yuqtirib olgani aniqlandi. Ularning safi yana ortishi mumkin.
Koronavirus pandemiyasi tufayli Italiya A Seriyasining o‘tgan mavsumi ham mart oyida to‘xtatilgan edi. Vaziyat biroz yumshagach, chempionat o‘yinlari iyun-avgust oylarida davom ettirildi. Stadionlarga muxlislar kiritilgani yo‘q. Oxirgi tur o‘yinlari 2 avgustda tashkil etildi. “Jenoa” chempionatni 17-o‘rinni egallab, A Seriyadagi joyini saqlab qoldi.
Italiya yuqori divizionining yangi mavsumiga 19 sentyabrdan start berildi. Hozircha, jamoalar ikkitadan o‘yin o‘tkazgan. “Jenoa” birinchi turda “Krotone”ni 4:1 hisobida mag‘lub etib, keyingi o‘yinda “Napoli”ga 0:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Tarkibini hujumchi bilan kuchaytirishga qaror qilgan “Jenoa” Eldor Shomurodov transferi uchun 9 million evro to‘laydi. “Rostov” hujumchining keyingi transferidan ham 15 foiz ulush oladi. Hamyurtimizga yiliga 600 ming evro miqdorida maosh berish rejalashtirilmoqda. Eldor bugun Italiyaga yo‘l olishi kerak. U juma kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tib, “Jenoa” bilan to‘rt yillik shartnoma imzolaydi.
Yangi ma’lumot. Shomurodov Italiya klubi bilan to‘rt yillik shartnoma imzolaydi
Shomurodov eng zo‘r futbolchilar termasiga kiritildi (foto)
Shomurodovning narxi qancha? “Rostov” “Jenoa”ning 8 millionini mensimadi yoxud Eldorga Evropadan yana uchta taklif bor
"Jenoa" Eldor Shomurodovni olyapti
Kanchelskis Shomurodovga Evropa futbolida o‘ynash usulini o‘rgatdi. Eldorni Ronaldu bilan raqobat kutmoqda
Shomurodov transferi bo‘yicha tezkor ma’lumot. “Rostov” Eldorni qo‘yib yubormayapti
“Rostov” Shomurodov o‘rniga Buxoroda tug‘ilgan hujumchini oladi
Fikrlar