
Legionerimiz supergol urdi va jamoasi to‘purariga aylandi!
Rossiya chempionati birinchi ligasida Afrika, Osiyo, Janubiy Amerika va Evropaning 23 ta davlatidan jami 48 nafar legioner to‘p tepmoqda.
Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world saytining qayd etishicha, birinchi ligadagi legionerlarning eng ko‘pi – sakkiz nafari Belarusdan. Serbiya va Armanistondan beshtadan futbolchi bor.
O‘zbek futboli tarbiyalanuvchilaridan to‘rt nafari birinchi liganing uchta klubi sharafini himoya qilmoqda. “Rubin”da Umarali Rahmonaliev va Rustam Ashurmatov, “Alaniya”da Husayn Norchaev to‘p termoqda. Iste’dodli futbolchilarimizning bari O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod hisoblanadi. Ular o‘ynayotgan jamoalar yuqori divizion yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Vagiz Galiulin bir necha mavsumdan beri “Nefteximik” sardori hisoblanadi. “Rubin” va “Alaniya”dagi legionerlarimiz uchun bu Rossiyadagi debyut mavsumi bo‘lsa, Galiulinning “suyagi” rus klublarida qotgan.
Birinchi liganing 28-tur uchrashuvi legionerlarimiz jamoalari uchun omadli keldi va ularning bari g‘alaba nashidasini surdi.
Vagiz Galiulin o‘ynayotgan “Nefteximik” futbolchilari “Akron” maydonidagi bellashuvdan yirik hisobdagi g‘alaba bilan qaytdi. Jamoasining oxirgi – uchinchi golini Vagiz Galiulin 78-daqiqada uzoq masofadan aniq zarba bilan kiritdi.
Bu 35 yoshli yarim himoyachimizning joriy mavsumda 23 ta uchrashuvdagi to‘rtinchi goli bo‘ldi. Vagiz hisobida beshta assist ham bor. Qizig‘i shundaki, Galiulin hujumchi bo‘lmasa-da, joriy mavsumda “Nefteximik”ning eng zo‘r to‘purariga aylanib oldi.
Galiulin jamoasi ushbu g‘alabadan so‘ng ochkolari sonini 39 taga etkazib, ettinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi. “Nefteximik” navbatdagi uch ochko tufayli yuqori divizion yo‘llanmalari uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoldi.
Musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinda borayotgan “Rubin” ham navbatdagi turni raqib maydonida o‘tkazdi. Tulaning “Arsenal” jamoasi mehmoni bo‘lgan qozonliklar ikkinchi bo‘lim boshida kiritilgan gol evaziga qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi. Jamoadagi legionerlarimiz bu gal zaxirada qoldirildi. Hozirgacha, Rustam Ashurmatov to‘rt marotaba, Umarali Rahmonoaliev uch marta maydonga tushgan.
“Rubin” ochkolari sonini 53 taga etkazib, ikkinchi pog‘onadan mustahkam o‘rin egallagan.
Ta’kidlash joizki, birinchi ligada dastlabki ikki o‘rin sohibi to‘g‘ridan to‘g‘ri premer-ligaga yo‘llanma oladi. Yana ikki jamoa Premer-liga autseyderlaridan ikkitasi bilan o‘tish uchrashuvlarida to‘qnash keladi.
Husayn Norchaevning “Alaniya”si Yaroslavlda “Shinnik” jamoasi mehmoni bo‘ldi. Bu o‘yin taqdirini ham bitta aniq zarba hal qildi. O‘yinning so‘nggi daqiqasida “Alaniya” vakillari samarali hujum tashkil qilib, g‘alabani ilib ketdi.
Uchrashuvning 59-daqiqasida maydonga tushgan Husayn Norchaev ancha faol o‘ynadi. Legionerimiz “Alaniya”ga ko‘chib o‘tganidan beri besh marotaba maydonga tushdi.
“Alaniya” Premer-ligaga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Bu jamoa 48 ochko bilan uchinchi pog‘onada bormoqda.
Fikrlar