
Mourino kutmagan vaziyat: “Roma”ning legioner hujumchisi yanvarda ketadi!
“Roma” mavsumning muhim pallasida turibdi. Yangi yildan keyin Joze Mourino shogirdlarida Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi kuchli to‘rtlikka kirib olish imkoni tug‘ildi. Joze Mourino yanvard va fevraldagi uchrashuvlarda o‘zi kashf qilgan hujumchi Feliks Afena-Gyan xizmatidan foydalana olmaydi.
Ma’lumotlarga qaraganda, iste’dodli hujumchi Gana terma jamoasidan chaqiruv oldi. Ganaliklar 9 yanvar -16 fevral kunlari Kamerunda tashkil etiladigan Afrika Millatlari kubogi turnirida ishtirok etadi.
Feliksning ketishi “Roma” hujum chizig‘idagi futbolchilar faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin. Xususan, “Real”dan ijaraga olingan Borxa Mayoral qishki transferlar vaqtida “Fiorentina”ga o‘tishi kutilayotgan edi. Agar Afena-Gyan terma jamoaga jo‘nab ketsa, Mourino ispan hujumchisining ketishiga izn bermaydi. Chunki tarkibda markaziy hujumda o‘ynay oladigan faqat ikki hujumchi – Temmi Abraxam va Eldor Shomurodov qoladi. Tabiiyki, hujumchilar taqchilligi yuqori maqsadlar sari yurish imkoniyatini pasaytirib yuboradi.
Yana bir futbolchi – Amadu Diavara ham Afrika chempionatida qatnashish uchun Gvineya terma jamoasiga chaqirtirildi. Biroq, bu yarim himoyachining yo‘qligi “Roma”ga muammo tug‘dirmaydi.
Shuningdek, amerikalik himoyachi Brayan Reynolds ham qishki transferlar vaqtida Rimni tark etishi kutilmoqda. Qanot futbolchisiga Belgiya chempionati etakchilaridan “Bryugge” og‘iz solmoqda. Belgiyaliklar Brayanni o‘z yurtida “Dallas”da o‘ynab yurganidan beri nishonda ushlab turibdi. Qolaversa, Reynoldsga Angliya Chempionshipida o‘ynayotgan “Xall Siti” ham xaridor bo‘lmoqda.
Futbolchining o‘zi etarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun “Roma”dan ketishga tayyor. U joriy mavsumda atigi uch marta maydonga tushib, jami 91 daqiqa harakat qildi. Albatta, bu iste’dodli o‘yinchiga ma’qul kelgani yo‘q.
Shu bilan birga, “Roma”ga taklif etiladigan futbolchilar ro‘yxati ham tobora kengayib bormoqda. Bular asosan maydon markazi va himoya chizig‘i vakillaridir. Mourino birinchilardan bo‘lib, “Xoffenxaym” yarim himoyachisi Florian Grillichni olib kelmoqchi. Bu o‘yinchi mavsum oxirida erkin agentga aylanadi. Rimliklar uni yanvar oyida 6 million evroga sotib olishni mo‘ljallayapti. Chunki sport direktori Tyago Pinto yozda “Atalanta” yarim himoyachisi Remo Froyler transferi bo‘yicha ish olib boradi.
Maydon markazini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan yana ikki o‘yinchi ham rimliklar e’tiborini tortdi. Ulardan biri “Gerta” vakili Lukas Tusardir. Berlinliklar frantsiyalik o‘yinchini “Lion”dan 21 million evroga xarid qilgandi. Biroq, u jamoaning o‘yin uslubiga mos tushmadi. “Gerta” futbolchiga sarflangan mablag‘ni yarmiga bo‘lsa ham uni sotib yuborishga qaror qilgan. Shuningdek, “Roma” mutasaddilari “Sassuolo” yarim himoyachisi Davide Frettezini kuzatmoqda. 22 yoshli iste’dod egasi joriy mavsumda 18 ta uchrashuvda to‘rtta gol urdi va yarim himoyachilar o‘rtasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Unga “Inter”dan ham qiziqish bor.
Hozircha, “Roma”ning eng zaif chizig‘i himoya hisoblanadi. Shu bois, bosh murabbiy ro‘yxatida mudofaa vakillarining nomi ko‘proq. Taniqli jurnalist Nikolo Skiraning xabar berishicha, poytaxt klubi qishda asosiy e’tiborni o‘ng qanot himoyasini kuchaytirishga qaratadi. Bu o‘ringa nomzodlar sifatida “Sampdoriya” va Polsha terma jamoasi a’zosi 29 yoshli Bartosh Bereshinski, “Feyenoord” va Nigeriya terma jamoasining 31 yoshli himoyachisi Markus Pedersen, “Zaltsburg”dagi daniyalik 24 yoshli Rasmus Kristensen, “Bavariya”ning frantsiyalik 29 yoshli vakili Buna Sarr qayd etilgan.
Tyago Pintoni qiziqtirayotgan yana bir himoyachi Benyamin Xenriksdir. “Leyptsig” sharafini himoya qilayotgan germaniyalik futbolchi bilan muzokara boshlangan. Uning transferi 10 million evroga baholanmoqda. Rimliklarni 24 yoshli o‘yinchining himoyaning istalgan nuqtasida ishonchli harakat qila olish qobiliyati qiziqtirib qo‘ygan.
Joriy mavsumda Bundesligada 9 ta uchrashuvda bittadan gol va assist qayd etgan universal himoyachi ham Italiya chempionatiga ko‘chib o‘tishga qarshi emas.
Xulosa qilib aytganda, “Roma”da katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Joze Mourino esa o‘zi istagan futbolchilarni o‘ynatadigan murabbiy hisoblanadi.
Fikrlar