
O‘zbek legioneri transferdan norozi fanatlarga zo‘rligini isbotlashi kerak!
O‘zbek futbolining keyingi yillardagi eng yorqin tarbiyalanuvchilari uchun sekin-asta bo‘lsa-da, Evropa milliy ligalari klublari eshiklari ochilmoqda.
Ana shunday iste’dodlaridan biri Muhammadali O‘rinboev ikkinchi urinishda Evropa klubi bilan to‘laqonli shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘ldi. “Paxtakor” akademiyasidan etishib chiqqan bu futbolchi 2024 yilning birinchi yarmida “Brentford”ning yoshlar jamoasida malaga oshirgan, biroq oxir-oqibat “sherlar” tarkibiga qaytgan edi.
Bir yil poytaxt klubida o‘ynagan Muhammadali O‘rinboev yaqinda Belgiyaning eng mashhur klublaridan “Antverpen” klubiga ko‘chib o‘tdi. Belgiyaliklar iqtidorli o‘yinchi uchun 500 ming evro sarfladi.
20 yoshli hujumkor futbolchi yangi jamoasida debyutini ham nishonlab ulgurdi. Legionerimiz “Antverpen”ning “Nordshellan” bilan bo‘lgan o‘rtoqlik uchrashuvida 45 daqiqa o‘ynadi. Bu bellashuvda hisob ochilmadi.
Ta’kidlash joizki, ayrim manbalar “Antverpen” sport direktori Mark Overmasning keyingi paytdagi faoliyatini keskin tanqid qilmoqda. O‘z davrida mashhur futbolchi bo‘lgan niderlandiyalik mutaxassis jamoaning eng asosiy himoyachisi Jel Batalni ushlab qola olmadi. “Antverpen” tarkibida to‘rt yil to‘p tepgan 26 yoshli o‘yinchi klubni erkin agent sifatida tark etdi.
Klubning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Mark Overmasga norozilik bildirayotgan ashaddiy muxlislardan ayrimlariga Muhammadali O‘rinoevning transferi ham ma’qul kelmagani aytilmoqda.
Ularning fikriga ko‘ra, klub hali tanilmagan shyinchi uchun 500 ming evro sarflab yuborishi noto‘g‘ri qaror ekan. Muxlislar o‘zbek futbolchini xali xalqaro maydonda katta natijalarni qo‘lga kiritmaganini inobatga olib, bu summaga yanada kuchliroq o‘yinchi olish mumkinligini iddao qilyapti.
Endi Muhammadali O‘rinboev oldida “Antverpen” jamoasining asosiy tarkibiga kirish uchun kurash olib borishdan tashqari, klubning talabchan muxlislari mehri va hurmatini qozonish vazifasi ham turibdi.
O‘rinboev asosan o‘ng qanot hujumchisi hisoblanadi. Universal o‘yin uslubiga ega hamyurtimizning markazda va qarama-qarshi tomonda ham samarali o‘ynay oladi.
“Antverpen” bilan to‘rt yillik shartnoma tuzgan legionerimiz faoliyati davomida professional darajada klublar miqyosida O‘zbekiston Superligasi, mamlakat kubogi va Osiyo Chempionlar ligasi musobaqalarida jami 40 ta uchrashuv o‘tkazib, ettita gol va uchta assist muallifi bo‘lgan.
Muhammadali O‘rinboev Evropaning kuchli chempionatlaridan hisoblangan Belgiya oliy divizionida o‘z o‘yinlari bilan nimalarga qodirligini ko‘rsata olishiga, muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozona olishiga umid qilamiz.
Fikrlar