O‘zbekistonning jahon chempionatidagi g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?

  • 05.11.2025 21:53
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol

Qatar 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Bu gal FIFAning ushbu turnirida ilk bor 48 ta mamlakat terma jamoalari g‘oliblik uchun kurashyapti.

Musobaqa tashkilotchilari qaroriga ko‘ra, endi 17 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi mundial muntazam har yili o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu turnir jahon futboliga yangi iqtidorlarni kashf etib berishi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi yigirmanchi marotaba o‘tkazilayotgan ushbu jahon chempionatida Osiyo chempioni sifatida ishtirok etmoqda. Bu yosh toifasidagi mundialda uchinchi marotaba qatnashayotgan futbolchilarimizga bu gal Islom Ismoilov murabbiylik qilyapti.

Iste’dodli futbolchilarimiz “J” guruhida Paragvay, Panama va Irlandiya Respublikasi bilan kuch sinashishi belgilangan.

Islom Ismoilov shogirdlari birinchi uchrashuvda Paragvay  U-17 terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, Azizbek Abdumo‘minovning dubli evaziga 2:1 hisobida zafar quchdi. Raqib yagona javob to‘pini penaltidan kiritdi.

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi g‘alabasiga Osiyo futbol konfederatsiyasi o‘z munosabatini bildirdi.

-  O‘zbekiston Qatarda mezbonlik qilayotgan FIFA U-17 jahon chempionatini “J” guruhida Paragvay terma jamoasi ustidan 2:1 hisobida qozonilgan g‘alaba bilan boshladi.

Uchrashuvning eng yorqin yulduzi dubl qayd etgan Azizbek Abdumo‘minov bo‘ldi. O‘yinning oxirigacha Paragvayning bosimiga dosh bergan O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatidagi dastlabki ochkolarini qo‘lga kiritdi.

Hujumkor futbolchi Azizbek Abdumo‘minov 25-daqiqada jamoadoshi Abubakir Shukurullaevning pasini uzoq masofadan kuchli zarba bilan darvoza to‘riga joyladi. Birinchi bo‘limdagi to‘xtalishlar uchun qo‘shib berilgan kompensatsiya vaqtida Azizbek jarima maydonchasi ichida to‘pni bir zarba bilan yana darvozaga kiritdi.

Ikkinchi bo‘limda Paragvay vaziyatni o‘nglashga harakat qilgani bois, o‘zbekistonlik futbolchilar qolgan vaqt mobaynida alohida diqqat-e’tibor bilan o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.  

Janubiy amerikaliklar 89-daqiqada Alan Ledesmaning penaltidan kiritgan goli evaziga  hisobdagi farqni bittaga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin O‘zbekiston g‘alabani ushlab qolishni uddaladi.

Endi Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionati g‘olibi sifatida jahon chempionatida qit’a sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonliklar shanba kuni Irlandiya terma jamoasiga qarshi saf tortadi. Irlandiyaliklar birinchi uchrashuvda Panama futbolchilarini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi, - deb yozdi Osiyo futbol konfederatsiyasining matbuot xizmati the-afc.com rasmiy saytida.

Ta’kidlash joizki, uchrashuvda dubl qayd etgan Azizbek Abdumo‘minov jahon chempionati to‘purarlari poygasiga qo‘shildi. Bo‘lajak uchrashuvdagi g‘alaba Islom Ismoilov shogirdlariga guruhda yakka peshqadamga aylanib olish imkonini berishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.  

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Qatar maydonlarida zafarli yurishlarini davom ettirishiga umid bildirib qolamiz.

 

Shomurodov qahramon bo‘lgan o‘yindan keyin “ishkal” chiqdi...

Shomurodov “taxti”da qoldi!

Shomurodov “uchdi”!

Kannavaro Shomurodov o‘yinini ko‘rgani borganiga Turkiyada qanday munosabat bo‘ldi?

Gvardiola Husanov maydonga qaytganidan keyin yana ikkita yangilik aytdi

Husanovga “Siti”ning afsonaviy sardori kuchli maslahat berdi!

Shomurodov Turkiyada to‘purarlar poygasida birinchi o‘ringa ko‘tarildi

Bugun Shomurodov yana gol urishi kerak, Fayzullaev esa...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Po`lat Polvonov
06/11/2025 03:34
17 ёшлар терма жамоамизга барча ўйинларида омад тилаймиз жамоамиз бу ўйинларда жахон чемпиони бўлишига Оллох мададкор бўлсин ўмин.....