
“Real” Mourino kutgan ikkita supertransferni blokladi
Joze Mourino yuqori maqsadlar sari kurashadigan jamoa tuzish maqsadida katta klublarda pishgan futbolchilarni olishga e’tibor qaratmoqda.
Bu gal portugaliyalik mutaxassis o‘zi bir paytlar boshqargan “Real” vakillariga e’tibor qaratdi.
El Nacional nashrining ma’lum qilishicha, portugaliyalik mutaxassis Lukas Vaskesni Rimga olib kelishni istamoqda. “Bo‘rilar” bu transferni yanvar oyida amalga oshirishni rejalashtirgandi, biroq “Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti tajribali futbolchining ketishiga ruxsat bermadi.
Lukas Vaskes “Qirollik klubi” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Orada bir mavsum “Espanol”da o‘ynaganini hisobga olmaganda faoliyatini Madrid klubida o‘tkazib kelmoqda. 2015 yili asosiy tarkibga qabul qilingan o‘yinchi 150 dan ziyod uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol urgan.
Maydonda to‘liq o‘ng qanotni yopishga qodir futbolchi joriy mavsumda barcha turnirlarda 22 ta bellashuvda qatnashib bitta gol urdi.
Shuningdek, “Roma” sport direktori Tyagu Pinto “Real”ning yana bir vakili Dani Sebalosni Rimga taklif qildi. 25 yoshli futbolchi “Qirollik klubi”ning asosiy tarkibiga kira olmayapti. O‘tgan ikki mavsum davomida ijara asosida “Arsenal”da to‘p tepgan yarim himoyachi joriy mavsumda La liga va Ispaniya kubogida zaxiradan ikki marta maydonga tushib, atigi 24 daqiqa harakat qildi.
Shunga qaramay, Dani Sebalos “Roma”dan bo‘lgan taklifni qabul qilmadi. Mutaxassislar bu o‘yinchi faoliyatini o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgan Angliya premer-ligasida davom ettirishga moyil ekanini ta’kidlashmoqda.
Mourinoga yana ikki futbolchini tavsiya qilishdi
Joze Mourinoning agenti Jorde Mendesh o‘z mijozlarini “Roma”ga taklif qilishni davom ettirmoqda.
Rim klubi tez orada Amadu Diavarani boshqa jamoaga jo‘natishga tayyorlanayotganidan xabar topgan taniqli agent rimliklarga “Vulverxempton”ja o‘ynayotgan Joau Moutinoni transfer qilishni tavsiya qildi.
Portugaliyalik futbolchi yoshi katta bo‘lishiga qaramay, Angliya premer-ligasida juda faol o‘ynamoqda. U jami 20 ta uchrashuvda qatnashib, bitta gol urishga erishdi. 35 yoshli yarim himoyachining “bo‘rilar” bilan amaldagi shartnomasi mavsum oxirida tugaydi. Mourinoda o‘z hamyurtini bepul qo‘lga kiritish imkoni bor.
Moutino faoliyati davomida “Sporting”, “Portu”, “Monako” kabi jamoalarda to‘p tepgan. “Vulverxempton” safida 2018 yildan beri o‘ynayapti.
Mendesh taklif qilayotgan ikkinchi nomzod “Marsel” etakchisi Bubakar Kamaradir. 22 yoshli futbolchi tayanch zona va himoyada ishonchli o‘ynaydi. Frantsiya klubi bilan shartnomasi yozda yakunlanadigan Kamarani olish ancha mushkul.
Iste’dodli o‘yinchiga hozirning o‘zida bir necha grand klublardan jiddiy chorlovlar bo‘lmoqda.
Kamara joriy mavsumda Frantsiya chempionatida 17 ta uchrashuvda qatnashib, bitta to‘p kiritdi. Uning transfer summasi 27 million evroga baholangan.
U bo‘lmasa, boshqasi
Belgiyaning “Anderlext” klubi “Roma”ni amerikalik himoyachi Brayan Reynoldsni ijaraga jo‘natishga ko‘dirgan edi.
Ayrim sabablarga ko‘ra, bu transfer amalga oshmadi. Reynolds baribir Belgiyaga boradigan bo‘lyapti. Bu gal uni “Kortveyk” jamoasi o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.
“Anderlext” esa rimliklarning boshqa o‘yinchisiga ko‘z tikmoqda. Ular Ebrima Darboni ijaraga olishni rejalashtirmoqda.
Gambiyalik yarim himoyachi joriy mavsumda murabbiylar shtabi ishochini qozana olgani yo‘q. U A seriyada atigi bir bor ko‘rinish berdi. O‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida u boshqa jamoaga o‘tshga qarshi emas.
Fikrlar