
“Roma” hujumchilaridan biriga yangi jamoa qidira boshladi!
Mavsum yakunlanishi bilan “Roma”da ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, transferlarga bog‘liq yangiliklarda rimliklar hujumida o‘ynayotgan ikki futbolchining nomi ko‘p uchramoqda.
Avvalo, “Roma” tarbiyalanuvchisi Nikolo Dzanologa xaridor ko‘payib ketdi. Rimliklar hujumkor futbolchi bilan yangi bitim imzolamoqchi. Keyin uni qimmatroq narxga transfer qilish varianti ham yo‘q emas.
Dzanolo joriy mavsumda barcha turnirlarda 30 marta maydonga tushib, o‘z hisobiga to‘rtta gol va ettita assist rasmiylashtirdi.
Bundan tashqari, poytaxtliklar oldingi chiziqning yana bir vakili – Stefan El-Shaaravi bilan ham xayrlashishga tayyor. O‘z davrida “Milan”da porlagan o‘yinchining maoshi rimliklarga og‘irlik qilayotgani aytilmoqda.
Ayni paytda Stefan bir mavsum uchun 3,5 million evro maosh olmoqda. Uning 2024 yilning yozigacha davom etadigan shartnomasida futbolchi oxirgi mavsumda 4,5 million evro maosh olishi belgilab qo‘yilgan. “Roma” mutsaddilari ortiqcha xarajatdan qochish uchun uni mavsum yakunlanishi bilan transferga qo‘yishni mo‘ljallayapti.
El-Shaaravi bu mavsum jami 26 ta o‘yinda raqiblar darvozasini olti marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga bitta golli pas uzatdi.
“Roma” zo‘r darvozabonga ko‘z tikmoqda
Joze Mourino Rim klubini qabul qilib olganidan keyin “Vulverxepmton” darvozaboni Ruy Patrisioni transfer qilgan edi. Endi portugaliyalik mutaxassis o‘z hamyurtiga munosib o‘rinbosar olishga qaror qildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, rimliklar “Benfika”ning zaxira darvozaboni Mile Svilarga ko‘z tikmoqda. Taniqlik jurnalist Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, “bo‘rilar” 22 yoshli posbonni yozda erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.
Svilar “Benfika”ga 2017 yili “Anderlext”dan olib kelingan. Bu transferni o‘sha paytlarda lissabonliklar klubida ishlagan Tyagu Pinto amalga oshirgan. Endi “Roma”da sport direktori bo‘lib ishlayotgan mutaxassis eski tanishini yangi ish joyiga taklif qilyapti.
Joze Mourino ham Svilarning iste’dodiga yuqori baho bergan. Mourino “Manchester nayted”ni boshqargan davrda uning shogirdlari Chempionlar ligasi doirasida portugaliyaliklar qarshi to‘p tepgan. 18 yoshli Svilar o‘sha uchrashuvda Marsyal tepgan penaltini qaytargan va Jozening e’tirofiga sazovor bo‘lgan edi.
Svilar Chempionlar ligasida “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘ynagan eng yosh darvozabon hisoblanadi.
“Roma” Manchesterdan o‘yinchi kutmoqda
“Manchester Yunayted” himoyachisi Diogu Dalotning kelajagi hamon mavhumligicha qolmoqda. Manchesterliklar iste’dodli futbolchi bilan hamkorlikni davom ettirishni istayapti. Biroq, 22 yoshli o‘yinchiga chorlovlar ko‘p bo‘lyapti.
Xaridorlardan biri “Roma” hisoblanadi. Joze Mourino sobiq shogirdining imkoniyatlarini yaxshi biladi va uni Rimga olib kelish bo‘yicha yozda ikkinchi urinishni amalga oshirmoqchi. Avvalgisida futbolchini olishning imkoni bo‘lmagan.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Fiorentina” hamda “Atletiko” ham Dalot uchun kurashga qo‘shildi.
Portugaliyalik futbolchi o‘tgan mavsumda “Milan” sharafini munosib himoya qilgan va A Seriyada o‘ynash bo‘yicha katta tajribaga ega. Uning manchesterliklar bilan shartnomasi 2023 yilning 30 iyunida yakunlanadi.
Fikrlar