
“Roma”da o‘ynolmagan hujumchi “Real”ni orzu qilmoqda
Aslida “Real” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Borxa Mayoral joriy mavsum yakunigacha “Roma”ga ijaraga berilgan edi.
O‘tgan yili rimliklarning asosiy to‘purarlaridan bo‘lgan ispan hujumchisi jamoani Joze Mourino qabul qilib olganidan keyin asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotdi. Aniqroq aytganda, 25 yoshli o‘yinchi ichki raqobatda Temmi Abraxam va Eldor Shomurodovga imkoniyatni boy berdi.
Natijada Rim klubi qishda uni “Xetafe”ga ijaraga jo‘natdi. Ispaniya chempionatida 11 ta uchrashuvda to‘rtta gol urgan hujumchi aslida “Real” safida o‘ynashni orzu qilayotganini yashirmadi.
- “Real” degan poezd hali ketib qolgani yo‘q. Madridliklar bilan shartnomam yana bir yil davom etadi. Yuqori saviyada o‘zimni ko‘rsata oldim. Ko‘p orzularim amalga oshdi. Lekin hali maqsadlarim juda ko‘p.
Nimalarga qodirligimni isbotlash uchun oldinda vaqt etarli. Eng asosiy maqsadlarimdan biri “Real” asosiy tarkibida o‘ynay. Ba’zan klub meni ijaraga jo‘natayotganidan jahlim chiqardi. Lekin klubga ham har doim qandaydir muzokaralar o‘tkazish oson emas ekan, - dedi Borxa Mayoral.
Mourino “Manchester Yunayted” yulduzini chaqiryapti
“Manchester Yunayted” rahbariyati yozda shartnomasi tugaydigan olti nafar o‘yinchi bilan xayrlashishga tayyorligi haqida xabarlar tarqatildi. Bu ro‘yxatda tajribali yarim himoyachi Jessi Lingard ham bor.
Lingard Manchesterdan ketgani bilan ishsiz qolmasligi aniq. Unga premer-liganing o‘zidan “Vest Xem” va “Nyukasl” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Bundan tashqari, mohir o‘yinchi oldida Italiya varianti turibdi. A Seriya grandlari – “Milan”, “Yuventus” va “Roma” Lingardni o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, angliyalik futbolchiga “Roma” varianti eng maqbul hisoblanadi. Jessiga “bo‘rilar”ning ustozi Joze Mourino shaxsan qiziqmoqda. Jessi hozirgi jamoasida Mourino qo‘l ostida to‘p tepgan.
Qolaversa, bir necha mavsum oldin xuddi Jessi Lingard singari “Manchester Yunayted”ga kerak bo‘lmay qolgan Kris Smolling hozir “Roma”da ikkinchi yoshligini o‘tkazyapti.
29 yoshli Lingard asosan maydon markazida hujumchi ortida o‘ynaydi. Bundan tashqari, chap va o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida ham samarali harakat qila oladi. Uning transfer summasi 20 million atrofida baholanayotgan bo‘lsa-da, o‘zi boradigan klubga erkin agent sifatida tekinga qo‘shiladi.
Lingard joriy mavsumda barcha turnirlarda 19 marotaba maydonga tushib, ikkita gol va bitta assist muallifi bo‘ldi.
Qahramonlar nima deydi?
A Seriyaning 32-turida Karles Peres va Kris Smolling kiritgan gollar “Roma”ga “Salernitana” ustidan muhim g‘alabani keltirdi. Uchrashuvdan so‘ng, o‘yin qahramonlari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Kris Smolling:
Uch ochko olishimiz kerak edi. Biz hisobda ortda borib, taslim bo‘lmadik va ikkinchi bo‘limda maqsadimizga erishdik. O‘tgan yili “Roma”ning to‘laqonli a’zosiga aylanganimdan keyin og‘ir jarohat olgandim. Hozir hammasi joyida va bosh murabbiy ixtiyoridaman.
Oldinda “Budyo-Glimt”ga qarshi juda muhim uchrashuv kutib turibdi. Juda qiyin o‘yin bo‘ladi. Muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlab turishi va yordamiga muhtojmiz.
Karles Peres:
Bu o‘yin juda qiyin o‘tishini sezgandik. Bunday vaziyatda nima qilishni ham bilamiz. G‘alaba qozondik va chempionatda juda muhim bo‘lgan uch ochkoni oldik.
Murabbiy meni maydonga tushirganida qo‘limdan kelganicha o‘zimni ko‘rsatishga va jamoaga foyda keltirishga harakat qilaman.
Bugun ajoyib gol urdim. Anchadan beri to‘p kirita olmayotgan edim. Muxlislar sizning nomingizni baralla aytganda hissiyotlar junbushga keladi. Ular bizga katta yordam bermoqda. Oldinda “Budyo-Glimt”ga qarshi qiyin uchrashuv bor. Biroq biz oldinga intilishni maqsad qilganmiz.
Fikrlar