
Shomurodov ilk bor Angliyada o‘ynaydi!
“Roma” UEFA miqyosidagi uchinchi musobaqa – Konferentsiyalar ligasining yarim final birinchi uchrashuvida “Lester Siti” bilan Angliyada kuch sinashadi. Ma’lumotlarga qaraganda, Joze Mourino zamonaviy futbol vataniga asosiy tarkibning barcha o‘yinchilarini olib kelgan.
Har ikki jamoa oldida ushbu xalqaro turnir bosh sovrinini qo‘lga kiritish mas’uliyati turibdi. Xususan, “Roma” mavsum boshida o‘z oldiga qo‘yilgan uchta vazifadan ikkitasini uddalay olmadi. Ya’ni, Joze Mourino shogirdlari bu mavsum A Seriyada kuchli to‘rtlikdan joy ololmaydi va Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘ldan chiqardi hisob. Shuningdek, “bo‘rilar” Italiya kubogida ham yurishini to‘xtatgan.
“Roma” uchinchi vazifa – Konferentsiyalar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritishni va mavsumni shu orqali muvaffaqiyat bilan tugatishni rejalashtirmoqda.
Poytaxt klubi Konferentsiyalar ligasidagi ishtirokini saralash bosqichidan boshlab, keyinchalik guruh bellashuvlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Italiya klubi guruh g‘olibi sifatida yurishini nimchorak finaldan davom ettirib, yarim finalgacha Niderlandiyaning “Vitess” va Norvegiyaning “Budyo-Glimt” jamoalari to‘sig‘idan o‘tib keldi.
Rimliklar A Seriyadagi beshinchi pog‘onani saqlab qolsa, kelasi yili Evropa ligasida o‘ynaydi. Konferentsiyalar ligasi g‘olibiga ham bosh sovrindan tashqari kelasi mavsum uchun Evropa ligasi yo‘llanmasi beriladi.
“Lester Siti”ni aynan mana shu omil qiziqtirmoqda. Brendan Rojers shogirdlari mavsumni juda bo‘sh o‘tkazmoqda va jamoa Angliya premer-ligasi jadvalining o‘rta qismida joylashgan. Ular Evrokuboklarga yo‘llanma beradigan pog‘onalardan uzoqlashib bo‘lgan.
Bu mavsum xalqaro maydondagi yurishini Evropa ligasidan boshlagan lesterliklar musobaqaning guruh bosqichida uchinchi o‘rinni egallab, bitta quyidagi turnirga qo‘shildi. Konferentsiyalar ligasining o‘tish uchrashuvlari va pley-off bosqichida angliyaliklar Daniyaning “Ranners”, Frantsiyaning “Renn” va Niderlandiyaning PSV jamoalarini ortda qoldirdi.
Konferentsiyalar ligasini yutish “tulkilar”ning kelasi mavsumdagi xalqaro miqyosidagi faoliyatini kafolatlaydi.
Mazkur omillarni inobatga olib, har ikki jamoa ham musobaqa finaliga chiqish uchun qattiq kurashadi.
“Lester” bilan bo‘ladigan o‘yingacha Joze Mourino shogirdlari A Seriyada 12 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etdi. Undan keyingi bellashuvda amaldagi chempion “Inter”ga boy berilgan uchrashuv ham Mourinoning kayfiyatini buzgani yo‘q. Portugaliyalik mutaxassis sobiq jamoasi ayni paytda hozirgi jamoasidan kuchli ekanini tan olib qo‘ya qoldi. Milandagi o‘sha uchrashuv qahramonlaridan biri Eldor Shomurodov bo‘ldi. Zaxiradan maydonga tushib, rimliklar o‘yinini kuchaytira olgan legionerimiz “Inter”ning mustahkam himoyasini yorib o‘tib, Genrix Mxitaryan gol urishi uchun qulay vaziyat yaratib berdi. O‘sha uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri sifatida e’tirof etilgan Eldorga Joze Mourino “Lester”ga qarshi bahsda imkoniyat berishi kerakligi aytilmoqda.
- “Inter”ga qarshi o‘yinda Shomurodovning assisti “Roma”ni mag‘lubiyatdan qutqara olmagan bo‘lsa-da, murabbiylar shtabi unga imkoniyat berishi kerak. Demak, Shomurodovni maydonda kutamiz, chunki u bunga munosib ekanini isbotladi, - deb yozdi www.championat.com sayti.
Agar Joze Mourino murakkab uchrashuvda Shomurodovga ishonch bildircha, bu Eldorning Angliyadagi ilk o‘yini bo‘ladi.
“Roma” bosh murabbiy uchrashuvdan oldin fikr bildirib, jamoalarning imkoniyatini teng baholadi. Raqibning ustunligi sifatida ichki chempionatda yuqori o‘rinlar uchun kurashish bosimi yo‘qligi uchun Konferentsiyalar ligasi bellashuvlarida xotirjam to‘p tepish imkoniyatini tilga oldi.
“Lester” bosh murabbiyi Brendan Rojers: “Finalga chiqish uchun ancha ter to‘kishimizga to‘g‘ri keladi. “Roma” zo‘r murabbiy va fantastik o‘yinchilarga ega. Mourino ajoyib murabbiy va u tug‘ma g‘olib”, dedi.
“Lester Siti” va “Roma” uchrashuvi 28 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat tungi 00:00 da boshlanadi. Javob uchrashuvi 5 may kuni Rimdagi “Olimpiko” arenasida tashkil etiladi.
Bu transfer amalga oshsa, Shomurodov asosiy hujumchiga aylanadi!
Mourino bitta qo‘ng‘iroq bilan katta transferni hal qildi!
Shomurodovsiz ham eplashdi! Mourino yana nimalar dedi?
Shomurodov pressingni bopladi, lekin...
“Roma” hujumchisi bo‘yicha kutilmagan vaziyat yuzaga keldi!
Mourino o‘ynatmayotgan hujumchiga Ispaniya grandidan taklif bor
Premer-ligada gol urgan legionerimizga mag‘lubiyat juda alam qildi!
Fikrlar