Husanovga yo‘q joydan imkoniyat paydo bo‘ldi
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Abduqodir Husanov tufayli “Manchester Siti”ga muxlislik qilayotganini inobatga olib, sports.uz portali “shaharliklar”ga oid ma’lumotlar va xabarlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola etadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov keyingi paytda yana “Manchester Siti” zaxirasida qolib kelmoqda.
Mavsum boshidayoq himoya markazidagi o‘rnini o‘ng qanotga almashtirgan hamyurtimiz juda yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelayotgan edi. Biroq kuzda ikki marotaba shikastlangani va ikkinchi jarohatni davolatish kutilganidan uzoq davom etganidan keyin 21 yoshli legionerimiz asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotdi.
Xosep Gvardiola o‘ng qanot himoyasini Mateush Nuneshga ishonib topshirmoqda. Garchi portugaliyalik futbolchi ayrim uchrashuvlarda gollarga sabab bo‘ladigan xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham, murabbiylar shtabining qarori o‘zgarishsiz qolmoqda.
Himoya markazida esa, Ruben Diash va Yoshko Gvardiol tandemi bexato, hatto samarali o‘ynayapti. Bu pozitsiyaga yana bir nomzod Jon Stounz hisoblanadi. Xosep Gvardiola Angliya terma jamoasining 31 yoshli o‘yinchisi yana jarohat olganini xabar qildi.
- Jon Stounz yana jarohat oldi. Uning qancha muddatga safdan chiqqani hozircha noma’lum va qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan keyin aniqlanadi, - dedi bosh murabbiy.
Ta’kidlash joizki, Jon Stounz uchun bu joriy mavsumdagi ilk jarohat emas. Bu o‘yinchi ham bir necha bor davolanishga majbur bo‘ldi. Garchi etika nuqtai nazaridan u qadar to‘g‘ri kelmasa-da, Stounzning safdan chiqqani Abduqodir Husanovni asosiy tarkibga yaqinlashtiradi.
O‘zbek futbolchisi o‘ng qanotda ishonchli o‘ynay oladi. Biroq uning asosiy pozitsiyasi himoya markazida. Abduqodir istalgan vaziyatda va zarur paytda Yoshko Gvardiol yoki Ruben Diash o‘rnini bosishi mumkin. Bundan tashqari, himoyaga tezkorlik kerak bo‘lganda Xosep Gvardiola o‘ng qanotda ham Husanovning ustun jihatlaridan foydalanishi mumkin.
Gvardiola ayrim futbolchilar nega kam o‘ynayotganiga izoh berdi
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoaning misrlik hujumchisi Umar Marmush haqidagi savolga javob berdi. So‘nggi vaqtlarda iqtidorli futbolchi asosan zaxiradan maydonga tushmoqda.
- Umar – eng yaxshi futbolchilarimizdan biri. Gap shundaki, men uni markaziy hujumchi sifatida ko‘raman va bu pozitsiyada esa, Erling Xoland o‘ynayapti.
Shu sabab, Marmush o‘z loyiq va munosib bo‘lgan vaqtdan kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti, - dedi Xosep Gvardiola o‘z qarorlarini izohlab.
Umar Marmush 2026 yilning yanvarida Abduqodir Husanov, Vitor Reys va Niko Gonsales bilan birga jamoaga olib kelingan to‘rt futbolchidan biri hisoblanadi.
26 yoshli forvard joriy mavsumda “shaharliklar” safida barcha turnirlarda 13 ta o‘yinda ishtirok etgan. Marmush faqat to‘rtta uchrashuvda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi.
Transfer summasi 75 million evroni tashkil qilayotgan Umar Marmush bu mavsum raqiblar darvozasiga faqat bitta to‘p kiritdi xolos.
Mbappening barmog‘i sindi, u “Siti”ga qarshi o‘ynaydimi?
“Manchester Siti” jamoasi Evropa Chempionlar ligasi umumiy bosqich oltinchi turi doirasida “Santyago Bernabeu” stadionida “Real”ga qarshi muhim uchrashuvni o‘tkazishi kerak.
10 dekabr belgilangan bu bahs oldidan raqib jamoa ustozi Xabi Alonso kadrlar muammosiga duch keldi.
Ispaniya chempionatining 15-turida madridliklar o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida o‘rtamiyona “Selta”ga 0:2 hisobida yutqazganidan tashqari, ayrim o‘yinchilari shikastlangani ham qo‘shimcha muammo bo‘ldi.
Xususan, etakchi himoyachi Eder Militao jiddiy shikastlandi va uzoq muddatga safdan chiqqani aytilmoqda. Jud Bellingemning qovog‘i yorildi.
Endi ma’lum bo‘lishicha o‘sha uchrashuvda “Real” etakchisi va to‘purari Kilian Mbappe ham jarohat olgan. Biroq o‘yinni oxiriga etkazib qo‘ygan. Tekshiruvda aniqlanishicha, frantsiyalik forvardning chap qo‘l barmog‘i singan.
Shunga qaramay, mutaxassislar Kilian Mbappe “Manchester Siti”ga qarshi muhim uchrashuvda maydonga tushish imkoniga ega ekanini ta’kidlashmoqda.
Mbappe bu mavsum klub va terma jamoa safida 25 o‘yinda 30 gol va 7 assist qayd etgan.
Fikrlar