San’at Shixov: Vadim Chemirtan oxirgi 3 yilda O‘zbekistonga kelgan eng yaxshi legioner

  • 29 yanvar, 2017, 18:40
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

O‘tgan mavsumni “Buxoro”da o‘tkazgan San’at Shixov SPORTS.uz sayti uchun  maxsus intervyu berdi.

Mazkur intervyuda futbolchining yangi mavsumda qaysi jamoa sharafini himoya qilishi, oliy ligadagi eng yaxshi legioner va boshqa ma’lumotlar haqida bilib olishingiz mumkin.   

Sa’ant Shixov ayni paytda nima bilan band?

- Xabaringiz bor, “Buxoro”da bir necha kun oldin o‘zgarishlar yuz berdi. Men esa hozirda o‘z formamni ushlab turish uchun individual tarzda shug‘ullanmoqdaman.

Rahbariyat va murabbiylar shtabida bo‘lgan o‘zgarish futbolchilarga qanchalik ta’sir qildi?

- Bu barcha uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Hamma karaxt ahvolga tushib qoldi. Jamoa yaxshi natija qayd etgandi. Ammo klub mutasaddilari nima uchun bunday qarorga kelishganining sababini bilmayman. Umid qilamiz, bu o‘zgarishlar yaxshilikka bo‘ladi.

So‘nggi paytlarda sizning jamoani tark etganingiz, “Neftchi” bilan shartnoma imzolashingiz mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi...

- To‘g‘risini aytaman, bu mish-mish. Chunki men hech qaysi klub bilan muzokaralar o‘tkazganim yo‘q. Qolaversa, o‘zim “Buxoro”da qolishni istayman. Bu 90 foizga aniq. Lekin oldindan nima bo‘lishini ayta olmayman. Qolgan 10 foizi menga bog‘liq tomoni emas. Biroq katta ehtimol bilan yana “Buxoro”da yangi mavsumni boshlayman.

Sizga biror bir klubdan takliflar bo‘ldimi?

- Albatta, boshqa jamoalardan ham qiziqishlar bor. Lekin “Buxoro”da qolishni maqsad qilganman.

Agar sizga Malayziya yoki Tailanddan taklif tushsa, bunga qanday javob berasiz?

- Hamma futbolchi legioner bo‘lishni istaydi. Men ham o‘z omadimni boshqa davlatda sinab ko‘rishni xohlayman. Shuning uchun bunday taklif tushsa rozi bo‘laman.

Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston chempionati kuchlimi yoki Malayziya?

- Bilasizmi, O‘zbekiston chempionati kuchli, deb o‘ylayman. Oliy ligada texnik imkoniyati yuqori futbolchilar juda ko‘p. Shuning hisobiga o‘zimizning chempionatimiz saviyaliroq.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, agar futbolchilarimizning texnikasi yuqori bo‘lsa, nima uchun vaziyatlardan foydalana olish koeffitsienti unchalik ham yuqori emas? Oddiy misol Igor Sergeev.

- Bu avvalo futbolchining o‘yini qovushishi yoki vaziyatlardan foydalanishda omadga ham bog‘liq. Oliy ligada texnikasi yuqori futbolchilar ko‘p. Bu o‘yinlarda juda seziladi. Ularning to‘pni qanday qilib oshirishi, oldindan vaziyatlarni o‘qiy bilishi borasida aytib o‘tganimdek, futbolchilarimizning imkoniyatlari yuqori. Misol uchun bunday o‘yinchilar sirasiga Server Jeparov, Jamshid Iskandarov, Shavkat Salomov va Murod Bobojonovni kiritishim mumkin. Ularning harakatlari tahsinga loyiq.

Sergeev borasida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, u terma jamoamiz uchun juda muhim futbolchi. Ko‘pchilik uni tanqid qiladi. Gol ura olmayapti deb. Ammo futbolda foydalik ish koeffitsienti ham bor. Igor aynan shunday futbolchi. U to‘pga oxirigacha yuguradi. Raqibga bosim uyushtiradi. Oddiy misol, Janubiy Koreya bilan o‘yinni oling. Hamyurtlarimiz gol urgan pallada Sergeevning xizmati katta bo‘ldi. U yugurmaganida, raqibga bosim qilmaganida, gol bo‘lmasdi. U gol urmagani bilan boshqa tomondan jamoasiga foydasi tegmoqda. Xuddi Karim Benzemadek. Benzema ham “Real”da ko‘p gol urmaydi. Ammo uning harakatlari evaziga boshqalar darvozani ishg‘ol qiladi.

“Buxoro” o‘tgan mavsum yaxshi natija qayd etdi. Klub tarixiga kirdi. Oliy ligadan tushib ketish xavfida qolgan jamoa qanday qilib yangi mavsumda o‘zini o‘nglay oldi?

- Bu jamoadagi birdamlik. “Buxoro” klubining ichki muhiti juda yaxshi bo‘lgan. Bu murabbiylarning xizmati evaziga yuzaga keldi. Jamshid Saidov va Tachmurad Agamurodov jamoani yaxshi shakllantira olishdi.

To‘g‘risini aytsam, o‘zim faoliyat olib borgan oxirgi 3 ta klublarda ahl jamoa shakllangandi. “Dinamo”, “Navbahor” va “Buxoro”. Men bu klublarda to‘p tepganimdan xursandman.

O‘tgan yili oliy liganing ikkinchi davrasida “Buxoro”ga Vadim Chemirtan kelib qo‘shildi. U jamoaga yaxshi kirishib ketdi. Bu borada hujumchining harakatlariga qanday baho berasiz?

- Albatta, Chemirtan biz uchun juda yaxshi hujumchi. U jamoaga kerakli bo‘lgan gollarni urdi. To‘p uchun kurash borasida unga teng keladigani yo‘q. Gol sezish qobiliyati haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Lekin uning bitta minus jihati Vadim texnika borasida unchalik ham maqtana olmaydi. Ammo hujumchi qilishi kerak bo‘lgan vazifani bajara oladi. Gol uradi. Bosh bilan yaxshi o‘yin namoyish qila oladi.

Mana Chemirtan “Bunyodkor” bilan shartnoma imzoladi. U “Bunyodkor”ning qarshi hujumga asoslangan o‘yiniga mos kela oladimi? Ya’ni u “Buxoro”da jamoaviy o‘yin evaziga gollar urardi.

- Avvalo unga chin dildan “Bunyodkor”da ham yaxshi o‘ynab ketishini tilab qolaman. Chemirtanni “Buxoro”dagi gollariga e’tibor bersak, bunda Shavkat Salomov va Aziz Ibragimov va boshqalarning hissasi katta. U Salomov va Ibragimovning xizmatlari evaziga darvozalarni ko‘p marta ishg‘ol qilishga erishdi.

To‘g‘ri, “Bunyodkor” asosan qarshi hujumlar ostida harakat qiladi. O‘ylaymanki, Vadim ham “qaldirg‘ochlar”ning o‘yin uslubiga moslasha oladi.

Oliy ligadagi eng yaxshi legioner deb qaysi futbolchini ko‘rsata olasiz?

- Birinchi navbatda Vadim Chemirtan. Yuqorida aytib o‘tganimdek, uning golni sezish qobiliyati bor. Chemirtanni oxirgi 3 yilda O‘zbekistonga kelgan eng yaxshi legioner, deb ayta olaman. Qolaversa, “Nasaf”ning xorijlik o‘yinchilari Ognen Krasich va Dragan Cheranni ham aytib o‘tgan bo‘lardim. Bu ikkisi ham mahalliy futbolchilardan bir bosh ustun turardi. To‘pga qay tarzda zarba berish, jamoadoshlarini qulay vaziyatlarga olib chiqishda ularga teng kela oladigan yo‘q.

Qolaversa, biz o‘tgan yili “ajdarlar” bilan 4 bor to‘qnash keldik. 4 bahsda ham bir ochko ololmadik. Eng yomon tomoni ularga gol ham ura olmadik. Bunda Krasich va Cheranning xazmatlari katta.

O‘tgan mavsumda “Buxoro” uchun qaysi uchrashuv eng qiyini bo‘ldi?  

- “Nasaf”ga qarshi 4 o‘yinda bir ochko ololmadik. Bu alamli uchrashuvlar bo‘ldi. Qolaversa, “Mash’al” bilan bo‘lgan 2 bellashuv ham juda qiyin o‘tdi. Chunki har ikki bahsda ham mag‘lub bo‘ldik. O‘yinimiz qovushmadi. Vaziyatlar yaratdik. Lekin gol ura olmadik. Muborakliklar esa 3-5-2 sxemasida harakat qilishdi. Bu esa ularga hujum qiladigan jamoa uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirdi. To‘g‘risini aytsam, men 3-5-2 taktikasini juda yomon ko‘raman. Chunki o‘zim bu sxemaga to‘g‘ri kelmayman.

Oliy ligada qaysi klub doim birinchi raqam ostida harakat qiladi?

- Turnir jadvalining yuqorisida joylashgan barcha klublar doim birinchi raqam ostida o‘ynashga odatlanishgan. Lekin so‘nggi paytlarda natijalari biroz yomonlashgan “Paxtakor” oldingidek harakat qila olmayapti. Ammo ular doim raqibga noqulayliklar tug‘dira olishadi. “Bunyodkor” ham kuchli jamoa. Lein ular qarshi hujum taktikasidan foydalanishadi. Birgina “Lokomotiv” bir xil o‘yin namoyish etdi. Ular Buxorodagi bahsda ham doimgidek faol o‘ynashga intilishdi. Ammo biz “Loko”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdik.

Biz ham dastlab birinchi davrada ikkinchi raqam ostida harakat qilganmiz. Lekin o‘yinlarimiz yaxshi tomonga o‘zgarib, raqiblarni mag‘lub etganimiz sari murabbiylar shtabi taktikani o‘zgartirishdi. So‘ngra raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar doim hujum qiladigan jamoaga aylandik.

Buxorolik muxlislarga murojaatingiz?

- Albatta, ular ayni paytda tushkun kayfiyatdalar. Chunki jamoada katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ammo ular ozgina kutishlari va sabr qilashlari kerak. Chunki barcha muammolarning davosi bu vaqt. Umid qilamanki, yangi mavsum boshlansa, hammasi joyiga tushib ketadi. Bu borada men ham shunga ishonaman. 

Shuni ham aytib o‘tishim kerakki, buxoroliklarday muxlislarni hech qaerda uchratmaganman. Ular jamoa mag‘lubiyatga uchraganda ham doim qo‘llab turishgan. Buning uchun ularga o‘z minnatdorligimni bildirib o‘taman.

                                                                                                                                                             Bekzod ISAEV suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!