
Avstraliya bilan o‘yin oldidan O‘zbekiston etakchisi o‘zgardi!
Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogining guruh bosqichlari sekin-asta yakunlanib bormoqda. “V” guruhi vakillari bu bosqichni 23 yanvar kuni yakunlaydi.
Bu kvartetda Avstraliya terma jamoasi ketma-ket ikkita g‘alabadan keyin pley-off masalasini muddatidan oldin hal qilib bo‘lgan. Avstraliyaliklar guruhdagi so‘nggi uchrashuvni to‘rt ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Bu uchrashuv guruh peshqadami kim ekaniga oydinlik kiritib berishi lozim. Durang har ikki jamoaga o‘z o‘rinlarini saqlab qolish imkonini beradi. O‘zbekiston pley-offga birinchi o‘rindan chiqish uchun g‘alaba qozonishi shart.
Demak, barchamizni keskin va murosasiz to‘qnashuv kutmoqda. Garchi futbolchilarimiz avstraliyaliklar bilan bo‘lgan avvalgi to‘rtta rasmiy uchrashuvdan uchtasida mag‘lub bo‘lgan va hali raqib darvozasiga birorta to‘p kirita olmagan bo‘lsa-da, bu gal muxlislarning ijobiy natijadan umidi katta. Chunki mutaxassislar hozirgi terma jamoa avvalgisidan farq qilishini ta’kidlamoqda.
Sports.uz portali futbol ishqibozlari e’tiboriga Avstraliya va O‘zbekiston uchrashuviga doir ayrim qiziqarli faktlar va ma’lumotlarni taqdim etadi.
Avstraliya va O‘zbekiston Osiyo kubogi doirasida ikki marta o‘zaro to‘qnashgan va ularda keyingi bosqichga raqib jamoa o‘tgan.
Bu jamoalarning navbatdagi bahsi Osiyo kubogining guruh bosqichi doirasidagi ilk to‘qnashuvi bo‘ladi.
Avstraliyaliklar qit’a chempionatlarida hali hech qachon uchala o‘yinning barchasida g‘alaba qozona olmagan.
O‘zbekiston bu galgi Osiyo kubogining ikki uchrashuvida raqib darvozasiga 32 marta zarba berdi. Avstraliyaliklarda bu ko‘rsatkich 38 tani tashqil qilmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining qit’a chempionatidagi ilk golini Abbosbek Fayzullaev kiritdi. Avvaliga o‘zbekistonliklarning etakchi o‘yinchisi sifatida Eldor Shomurodov tilga olinib kelingan edi. “Kalyari” futbolchisi Osiyo kubogi arafasida og‘ir jarohat olib, Qatarga kelolmadi.
Ekspertlar terma jamoaga etakchilik qilish Gretsiya chempionatida to‘p tepayotgan Jaloliddin Masharipovga yuklatilishini ta’kidladi. Biroq, guruh bosqichining dastlabki ikki o‘yini O‘zbekiston milliy terma jamoasiga etakchilik qilishga boshqa da’vogar borligini ko‘rsatdi.
Suriya futbolchilariga qarshi o‘tkazilgan birinchi tur bahsida zaxiradan maydonga chiqib, O‘zbekiston terma jamoasi o‘yiniga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazgan o‘yinchi Abbosbek Fayzullaev bo‘ldi.
Bungacha asosan zaxiradan maydonga tushirilayotgan hujumkor futbolchi bosh murabbiy Srechko Katanetsga boshlang‘ich tarkibda o‘ynashga loyiqligini ko‘rsatdi. 20 yoshli futbolchi buni Hindistonga qarshi ikkinchi tur o‘yinida yana bir karra isbotladi. Ushbu uchrashuvda o‘zbekistonliklar urgan uchta goldan dastlabki ikkitasi aynan Fayzullaevning sa’y-harakatlari evaziga kiritildi.
Xususan, Osiyo kubogi o‘yinlarini tahlil qilib borayotgan khelnow.com sayti Avstraliya va O‘zbekiston o‘yinida har ikki terma jamoaning etakchi o‘yinchilari sifatida Abbosbek Fayzullaev va Harri Suttarni ko‘rsatgan.
- Harri Suttar O‘zbekistonning tezkor va ko‘p qirrali hujumlariga qarshi turishda asosiy roli o‘ynashi talab etiladi. Hozircha bu himoyachi terma jamoa safida juda ishonchli o‘ynayapti. Avvalgi ikki bellashuvda raqiblarga darvozani ishg‘ol qilish imkonini bermadi.
25 yoshli futbolchi pastdan va yuqoridan kelayotgan to‘plar uchun kurashda juda yaxshi harakat qiladi. Endi u O‘zbekistonning tezkor hujumchilarini to‘xtatib qolish yo‘lini topishi kerak.
Abbosbek Fayzullaev esa, O‘zbekistonning hindistonliklar ustidan qozongan g‘alabasida muhim rol o‘ynadi. To‘rtinchi daqiqayoq hisobni ochib, o‘zbeklarning Osiyo kubogidagi birinchi golini urdi.
Milliy terma jamoadagi faoliyatini qariyb etti oy muqaddam boshlagan 20 yoshli futbolchi 11 ta uchrashuvda uchta gol urishga ulgurdi. Abbosbek maydonni ko‘ra olish qobiliyati, tezkorligi, yuqori tempda o‘ynay olishi bilan ajralib turadi. Fayzullaev O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy figuralaridan va jamoaning turnir davomidagi keyingi uchrashuvlarida ham katta rol o‘ynaydi, - deb yozmoqda khelnow.com sayti sayti.
Darhaqiqat, Avstraliya terma jamoasiga qarshi bo‘ladigan bahs O‘zbekiston terma jamoasining o‘sish darajasini ham ko‘rsatib berishi kutilmoqda. To‘rt yil oldingi uchrashuvda hamyurtlarimiz kuchli raqib bilan tengma-teng o‘ynab, faqatgina penaltilar seriyasida omadsizlikka uchragan edi.
Bo‘lajak uchrashuvda esa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Avstraliya futbolchilari darvozasiga ilk golini urishi va birinchi g‘alabasini nishonlashini kutib qolamiz.
Muxlislar kutayotgan o‘yin 23 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 16:30 da boshlanadi.
Ronalduni Abduqodir Husanov o‘ynayotgan musobaqaga chaqirishdi
G‘alaba qozonmasak bo‘lmaydi! Avstraliyaliklar ham, o‘zbeklar ham sensatsiyani ko‘zlayapti
Hindlar O‘zbekistonga qarshi o‘yin oson kechishiga ishongandi. Raqibning 3 ta xatosi!
Fayzullaev, Husanov va o‘zbek futbolchilariga dunyoda qanday baho berishyapti?
O‘zbekistonning g‘alabasiga Hindistondan qanday munosabat bo‘ldi?
Hindlar qaysi futbolchilarimizdan cho‘chiyapti?
Shomurodovning sensatsion transferiga nima xalaqit qilyapti?
Germaniyalik ekspertlar Hindiston bilan o‘yin oldidan O‘zbekiston terma jamoasiga qanday baho berdi?
Fikrlar