“Barsa” yulduzi nega Messining emas, Shomurodovning sevimli raqamini tanladi?
“Barselona” yozgi transferlar mavsumining oxirida o‘zi istagan futbolchi - portugaliyalik yulduz Joau Feliksni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Aslida Madridning “Atletiko” jamoasiga tegishli bo‘lgan hujumkor futbolchi Kataloniya klubiga keyinchalik sotib olish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga berildi.

Joau Feliks Ispaniya chempionatidagi eng qimmat transferlardan biri hisoblanadi. Madridliklar 2019 yili bu futbolchi uchun 126 million evro sarflagan.
Keyinchalik Feliks o‘zini etarli darajada ko‘rsatma olmadi. Qolaversa, bosh murabbiy Diego Simeone bilan munosabati buzildi. O‘tgan mavsumni “Chelsi”da ijarada o‘tkazgan o‘yinchi bu gal o‘ziga yana boshqa jamoa topishga majbur bo‘ldi.
Nihoyat, 23 yoshli hujumchi o‘zi istagidek “Barselona” futbolchisiga aylandi. Yaqinda kataloniyaliklarning yangi o‘yinchilari o‘zlariga raqam oldi. Joau Feliksda bir paytlar Lionel Messiga tegishli bo‘lgan 10-raqamni olish varianti bor edi.
Ansu Fati “Brayton”ga o‘tib ketganidan keyin afsonaviy raqam bo‘shab qolgan edi. Biroq, Joau Feliks bu raqamni olishga botina olmadi. Ma’lumotlarga qaraganda, portugaliyalik o‘yinchi 10-raqam tufayli hammaning diqqat markazida va kuchli bosim ostida qolishni istamagan.
Bundan tashqari, Joau Feliks “Barselona” muxlislari 10-raqam tufayli uni Lionel Messi bilan taqqoslashlaridan qochdi. Shu bois, u o‘ziga 14-raqamni tanladi.

Aytish joizki, 14-raqam O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning sevimli raqami hisoblanadi. 28 yoshli hujumchimiz milliy terma jamoada shu raqamda o‘ynaydi. Klublar miqyosida ham legioner sifatida “Rostov”, “Roma” va “Spetsiya”da 14-raqam ostida to‘p tepgan. Eldor Italiya chempionatida “Jenoa”da va “Kaoyari”da bu raqam bandligi uchun 61-raqamni tanlagan.
Manbalarning ta’kidlashicha, “Barselona” mutasaddilari ham Joau Feliksning tanlovidan mamnun bo‘ldi. Chunki klub mutasaddilari Ansu Fati Angliya Premer-ligasida sport formasini tiklab olganidan keyin uni ortga qaytarishni rejalashtirgan.
“Barselona” tarixidan ma’lumki, bu jamoada 10-raqam ostida juda ko‘p yulduzlar harakat qilgan. Diego Maradona, Gari Lineker, Mikael Laudrup, Romario, Xristo Stoichkov, George Xadji, Yari Litmanen, Rivaldo, Xuan Ramon Rikelme, Ronaldino va Lionel Messi shular jumlasidandir.

Eslatib o‘tamiz, Joau Feliks “Benfika” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Klublar miqyosidagi faoliyatida jami 239 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 72 ta gol va 35 ta assist yozdirib qo‘ygan.
2019 yildan beri Portugaliya terma jamoasiga jalb qilib kelinayotgan iste’dodli futbolchi hozirgacha 31 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini besh marotaba ishg‘ol qildi.
Frantsiya klubi futbolchimizni jiddiy kuzatmoqda
Fayzullaev meni hayratga solishi kerak!
Shomurodovga yordam kerak!
O‘zbekiston va Rossiya to‘qnashuvida oltita gol bo‘ldi
Shomurodovni uyg‘otib qo‘yinglar...
Italiyalik muxlislar Shomurodovni muhokama qilmoqda: yaxshi gap ham, tanqid ham etarli!
Husanov jamoasi haqida hayratlanarli fakt!
Shomurodov transferi o‘zini oqlaydimi?
Fanatlar Shomurodovdan nimani talab qilyapti?
Fikrlar