ChatGPT Husanov gol urgan jamoaga manchesterlik futbolchini joyladi
Angliya futbolida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea yuz berdi. “Manchester Yunayted” tarbiyalanuvchisi Demetri Mitchell o‘ziga sun’iy intellekt – hammaga mashhur ChatGPT orqali yangi jamoa topdi.
28 yoshli manchesterlik futbolchi bu haqda angliyalik jurnalistlarga ma’lum qilgan.
- ChatGPT – eng yaxshi agent ekan. Chunki u xizmatlari uchun komissiya puli talab qilmaydi. Menga ish topib berishdan tashqari Londondagi yashash xarajatlari, klubning ishtirokidan kelib chiqib qancha maosh so‘rashim to‘g‘ri bo‘lishini hisob-kitob qilib berdi, - deydi Demetri Mitchell.
Ma’lumotlarga qaraganda, Mitchell ChatGPT orqali Angliya chempionatining quyi ligalaridan biri – League One o‘yinlarida qatnashib kelayotgan “Leyton Orient” safiga qo‘shilgan. Bu jamoa o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga ham yaxshi tanish.
O‘tgan mavsum “Manchester Siti” Angliya kubogi doirasida “Leyton Orient” bilan kuch sinashishiga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda “shaharliklar” safiga qo‘shilganiga bir oy bo‘lgan Abduqodir Husanov Londondagi uchrashuvda maydonga tushib, “Leyton Orient” darvozasini ishg‘ol qilgandi.
Shu tariqa, Abduqodir Husanov Angliya futbolida gol urgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida nomini tarixga yozdirib qo‘ygan edi.
Demetri Mitchellning o‘zi Manchester shahrida tug‘ilgani bois, “Yunayted” akademiyasiga borgan. “Manchester Yunayted”ning bir necha yosh toifasidagi jamoalarida o‘ynagan yarim himoyachi asosiy tarkibga kira olmagan.
Orada Shotlandiyaning “Xart of Midl” jamoasida ikki bor ijarada o‘ynab kelgan futbolchi 2020 yili “Manchester Yunayted”ni erkin agent maqomida tark etdi. Keyinchalik Shotlandiyaning “Xaybernian”, Angliyaning “Blekpul” va “Ekseter” jamoalari sharafini himoya qildi.
Mitchell o‘tgan mavsum oxirida “Ekseter” bilan shartnomasi yakunlanganidan keyin ishsiz qolgandi. Biroq sun’iy intellekt yordamida “Leyton Orient” jamoasidan ish topdi va klub bilan 2027 yilning 30 iyunigacha davom etadigan shartnoma imzoladi.
Demetri Mitchell yangi jamoasida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelmoqda. Hozirga qadar 28 yoshli yarim himoyachi barcha turnirlarda 11 ta uchrashuvda ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, “Manchester Yunayted” maktabini o‘tagan Demetri Mitchel o‘z davrida Angliyaning eng iqtidorli yosh o‘yinchilaridan biri bo‘lgan. Xususan, Angliya U-20 terma jamoasi safida to‘rtta uchrashuvda maydonga tushgan.
Shunga qaramay, bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan yarim himoyachi professional faoliyati davomida yuqori cho‘qqiga ko‘tarila olmadi va omadini quyi liga jamoalarida sinab ko‘rishga majbur bo‘lyapti.
Husanov “dahshatli” qurol, murabbiy uni kutyapti!
Kannavaro hayratga solyapti! O‘zbekistonning yangi bosh murabbiyiga Evropadan qanday munosabat bo‘ldi?
Husanov o‘rniga jahon chempioni keladi!
O‘zbekistonda mundialni “yondiradigan” uchta futbolchi bor!
Ispaniyada o‘ynagan yulduz O‘zbekistonni qabul qilayotgan Kannavaroga o‘zgacha murojaat qildi

Fikrlar