
Legionerimiz goli mavsumdagi eng zo‘ri bo‘ldi!
Qozog‘iston professional futbol ligasi 2021 yilgi mavsumning eng zo‘r golini aniqladi.
Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik hujumchi Igor Sergeevning “Aktobe” jamoasi safida to‘rtinchi turda “Ordabasi” darvozasiga kiritgan to‘pi eng ko‘p ovoz bilan mavsumning eng yaxshi goli, leb topildi. O‘sha uchrashuvda Igor maydonning ikkinchi tomonida bo‘lishiga qaramay, uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab, to‘pni raqib darvozaboni ustidan oshirib, darvozani ishg‘ol qilgandi.
Ta’kidlash joizki, 2021 yil iste’dodli hujumchimiz Igor Sergeev uchun omadli keldi. O‘tgan yili “Paxtakor” tarkibida klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangan va chempion bo‘lgan hujumchi joriy yil boshida UEFA a’zosi hisoblangan Qozog‘iston chempionatiga ko‘chib o‘tdi.
Avvaliga Igor o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan va chempionlik uchun kurashishi kutilgan “Aktobe”ni tanladi. Ushbu jamoaning asosiy yulduzi sifatida eng katta maoshni olgan hujumchimiz shunga yarasha ko‘p gol ura boshladi. Aktobeliklar safida hamyurtimiz 18 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga ettita gol yozdirib qo‘ydi. Shu gollardan biri eng chiroyli gol tanlovida g‘olib bo‘ldi.
Biroq, “Aktobe”da rahbariyat o‘zgardi, mavsumga qo‘yilgan rejalar, maqsadlar va hatto munosabatlar ham boshqacha ko‘rinish oldi.
Qozog‘iston premer-ligasining birinchi davrasidan keyin “Tobol” tarkibini kuchaytirish maqsadida Igor Sergeevni o‘z safiga qo‘shib oldi. Kustanayliklar UEFA Konferentsiyalar ligasida muvaffaqiyatli qatnashish uchun kuchli hujumchiga bo‘lgan ehtiyojini o‘zbekistonlik to‘purar orqali hal qildi. Sergeev ularning taklifini qabul qildi, Konferentsiyalar ligasi saralashida to‘rtta o‘yinda qatnashib, Xorvatiyaning “Xayduk” jamoasi darvozasiga ikkita to‘p kiritishga erishdi. Shu tariqa, UEFA miqyosidagi musobaqalarda gol urish bo‘yicha olis Evropada yurgan Eldor Shomurodov va Jasur Yaxshiboevni yolg‘izlatib qo‘ymadi.
Mohir hujumchimiz “Tobol” uchun premer-ligada ettita o‘yin o‘tkazdi. Kustanayliklar safida Igor to‘rt marta to‘p kiritdi. Hamyurtimiz “Tobol”ning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi. Jami 11 ta gol bilan chempionat to‘purarlari bahsida uchinchi o‘rinni egalladi.
Qozog‘istonning Meta-ratings.kz sayti yaqinda “Tobol” rahbariyati hamkorlikni uzaytirish maqsadida o‘zbekistonlik hujumchiga yangi shartnoma taklif qilganini xabar berdi. Bu jamoa mamlakat chempioni sifatida kelasi masvum Evropa Chempionlar ligasining saralash bellashuvlarida qatnashishi inobatga olsak, Sergeevda ham Yaxshiboev singari futbol olamining eng nufuzli turnirida to‘p tepish imkoni bo‘ladi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Sergeevga O‘zbekistondan “Paxtakor” va “Navbahor” og‘iz solmoqda. “Sherlar” Chempionlar ligasining yangi mavsumida muvaffaqiyatli qatnashish uchun kuchli hujumchiga ehtiyoj sezyapti. Klub sport direktori Ja’far Irismetov bu rolga birinchi nomzod Igor Sergeev ekanini aytdi.
Bundan tashqari, tajribali hujumchimizga Rossiyaning “Ximki” klubidan chorlov bo‘layotgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Xaridorlar orasida Polsha va Janubiy Koreya klublari borligi aytilmoqda.
Igor Sergeev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2011 yildan “sherlar”ning asosiy tarkibida o‘ynagan. Mohir hujumchi faoliyati davomida 2016 yilda bir mavsum Xitoy chempionatida “Beytszin Goan” jamoasi sharafini himoya qilib 14 ta uchrashuvda bitta gol urgan. 2017-2018 yillarda Birlashgan Arab Amirliklarining ”Az-Zavra” klubida o‘nta bellashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.
Igor Sergeev O‘zbekiston va Qozog‘iston chempioni, milliy chempionat to‘purari va mamlakatimiz kubogi sohibi hisoblanadi.
28 yoshli hujumchi 2013 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosidir. U shu paytga qadar bosh jamoa safida 59 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 17 marotaba ishg‘ol qilgan.
Fikrlar