
Shomurodovning qarori to‘g‘ri bo‘lib chiqdi!
“Jenoa” o‘zbekistonlik futbol muxlislari begona emas. Genuya klubi Eldor Shomurodovning kuchli beshlik chempionatlaridagi birinchi jamoasi sifatida biz uchun qadrli bo‘lib qolaveradi.
Italiya futbolining eng kecha klubi bo‘lgan “Jenoa” 2020 yilning oktyabrida Eldor Shomurodovni “Rostov”dan transfer qilgavn edi. O‘shanda genuyaliklar Evropa tomonlarda hech kim tanimaydigan va Rossiya chempionatidagi golsiz seriyasi uzoq chshzilib ketgan o‘zbek futbochisi uchun qo‘shimcha bonuslar bilan birga qariyb 9 million evro xarajat qilgan edi.
Shomurodov bir mavsum bu jamoada o‘ynab, italyancha futbolni o‘rgandi, genuyaliklar uchun sakkizta gol urib, “Yuventus” va “Roma” kabi klublar e’tiboriga tushdi.
Joze Mourino debyut mavsumidayoq hujumi kamtarroq bo‘lgan jamoada to‘purarlik mahoratini namoyish qilgan hujumchimizni o‘zi yangi qabul qilib olgan “Roma”ga taklif qilishdan cho‘chimadi.
Talabchan muxlislarga ega poytaxt klubi Evropa pasportiga ega bo‘lmagan tom ma’nodagi haqiqiy xorijlik futbolchi uchun 18 million evro to‘lab, uni katta klubga transfer qildi.
Katta bosim tushadigan grand klubda Eldor boshlang‘ich tarkibga kirishga qiynalayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan yili yozda “Roma”ga ko‘chib o‘tish to‘g‘risidagi qarori hozirga kelib to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
Yakunlanayotgan mavsumda Genuya klubi A Seriyani tark etishi aniq bo‘ldi. Har holda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va etakchisi quyi ligaga tushib ketganidan ko‘ra, kam o‘ynayotgan bo‘lsa-da, “bo‘rilar” safida sovrinlar va evrokuboklar yo‘llanmalari uchun kurashgani ma’qulroq.
“Jenoa” A Seriyaning 37-turida jiddiy raqib – kuchli uchlikda borayotgan “Napoli”ga to‘qnash keldi. Neapolliklar har qanday natijada ham uchinchi pog‘onadagi joyini o‘zgartirmasligi aniq bo‘lsa ham genuyaliklarni ayab o‘tirmadi.
Raqib maydonidagi o‘yinda o‘z darvozasidan javobsiz uchta to‘p olib chiqqan “Jenoa” yuqori divizionda qolish imkoniyatidan butunlay ayrildi va muddatidan avval quyi ligaga sho‘ng‘idi.
“Jenoa” 22 mayga belgilangan oxirgi o‘yinda o‘zidan bir pog‘onada yuqorida turgan “Kalyari”ni yutsa ham, xavfli hududdan tashqarida turgan “Salernitana”ga etolmaydigan bo‘ldi.
Genuya klubi XXI asrda ilk bor yuqori divizionni tark etdi. Bungacha Shomurodovning sobiq klubi 1994-1995 yilgi mavsumda A Seriyani tark etgandi. O‘tgan yili o‘zbek legioneri yordamida 11-pog‘onani egallagan jamoa bu gal o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olmadi.
“Jenoa” o‘z tarixida to‘qqizchi bor V Seriyada ishtirok etadigan bo‘ldi va kelasi mavsum yana eng kuchli yigirmata klub qatoriga qaytishga harakat qiladi.
Shularni inobatga olib, Shomurodov qo‘rqmay jiddiy klublar chorlovini qabul qilgani to‘g‘ri qaror bo‘lgan va yaxshiyamki Genuyadan ketgan ekan, degan xulosaga kelishimiz mumkin.
Eldor Shomurodov oldida esa muhim ikkita uchrashuv turibdi. Joze Mourino shogirdlari kelasi mavsum Evropa ligasida qatnashish uchun so‘nggi turda Turinda “Torino”ni engishi talab etiladi.
Yilning eng muhim bahsi – Konferentsiyalar ligasi finali 25 mayga belgilangan. Albaniyaning Tirana shahrida bo‘ladigan hal qiluvchi bellashuvda Shomurodov jamoasi Niderlandiyaning “Feyenoord” klubi futbolchilari bilan bellashadi.
Konferentsiyalar ligasi g‘olibiga ham kelasi yili Evropa ligasida o‘ynash huquqi beriladi. “Roma” oldida ana shu sovrin va UEFAning ikkinchi musobaqasiga yo‘llanma olish vazifasi turibdi.
Eldor Shomurodov “Roma”ga o‘tganidan beri A Seriya, Italiya kubogi va Konferentsiyalar ligasida jami 37 ta o‘yin o‘tkazib, beshta gol va oltita assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar
Transfer qilingan???
Chshzlib???