
“Bavariya”da porlashi kutilgan ammo bunday bo‘lmagan 5 futbolchi
“Bavariya” jamoasi Evropada “Barselona”, “Real” kabi jamoalar bilan bir qatorda turadi va myunxenliklar safida o‘zini ko‘rsatish hammaga ham nasib etavermaydi. Quyidagi maqolamiz orqali esa “Bavariya”da o‘zini ko‘rsatishi kutilgan, ammo amalda bunday bo‘lib chiqmagan 5 ta holat bilan sizlarni tanishtiramiz.
Breno(Braziliya) – 21 o‘yin, 0 gol(2008-2012)
Nemislar har doim ham katta mablag‘larni sarf etishmaydi. Ammo “Bavariya” skautlari “San Paulu” jamoasining yosh himoyachisini bir yarim yil kuzatib, uni 8 mln evroga sotib olishga qaror qilishdi. Afsuski, Breno Germaniyada omadsizlik ketidan, omadsizlikka uchradi xamda asosiy tarkib uchun raqobatni Demikelis, Lusio va van Byuytenga boy berdi. Uning og‘ir xarakteri esa faoliyatiga yakun yasadi deyishimiz mumkin. Ayrim sabablarga ko‘ra, panjara ortida o‘tirishga majbur bo‘lgan Breno hozirda ozodlikka chiqqanidan so‘ng, murabbiylik bilan shug‘illanmoqda.
Xose Ernesto Sosa(Argentina) – 35 o‘yin, 2 gol(2007-2010)
Yosh bo‘lishiga qaramay “Estudiantes” jamoasi safida o‘zini ko‘rsata bilgan yosh yarim himoyachi uchun “Bavariya” 2007 yil 6 mln evroni argentinaliklarga “qurtdek” sanab berishadi. 3 mavsum myunxenliklar safida to‘p surgsan argentinalik futbolchi jamoa safida 35 o‘yinda ishtirok etadi, xolos. Hozirda esa bu futbolchini “Milan” safida uchratishingiz mumkin.
Marsel Yansen(Germaniya) – 17 o‘yin, 0 gol(2007-2008)
Myonxengladbaxning “Borussiya” jamoasi tarbiyalanuvchisi 9 mln evro evaziga “Alyants-Arena”ga taklif etilgan edi. Undan Ze Roberto xamda Lizarazyularning vorisi chiqishidan umidvor bo‘lishgan edi. Amalda esa Yansen Filipp Lamga raqobatni boy beradi va “Gamburg”ga yo‘l oladi. “Dinozavrlar” safida 7 yil to‘p surgan Yansen 2015yilda jamoa unga yangi shartnoma taklif etmagach, 29 yoshidayoq faoliyatini tugatishga qaror qildi.
Lukas Podolski(Germaniya) – 71 o‘yin, 15 gol(2006-2009)
2006 yil katta umidlar bilan “Kyoln”dan 7 mln evro evaziga jamoaga taklif etilgan Podolskiga jarohatlar pand berib qo‘ydi. Qolaversa, tiklanish jarayoni juda ko‘p vaqt talab etdi va o‘z-o‘zidan Lukas asosiy tarkibga jalb etilmay qo‘ydi. Keyin esa uni eski “uyiga” jo‘natib yuborishdi. “Echkilar” safida yana o‘zini ko‘rsatgan asli polshalik nemis esa “Arsenal” nishoniga tushadi. Hozirda esa Lukas faoliyatini Turkiyada davom ettirmoqda.
Sebastyan Daysler(Germaniya) – 62 o‘yin, 8 gol(2002-2007)
Yangi asr boshida Germaniyaning bo‘lajak “yulduzi” sifatida qaralgan Daysler amalda “meteorit” bo‘lib chiqdi. Aniqrog‘i uning faoliyatiga tizzasidan olgan jarohati “yakun yasadi”. Ayni shu sabab Osiyo maydonlarida o‘tgan mundialni ham o‘tkazib yuborgan Daysler asosan vaqtini “Gollivud FK”ning zahira o‘rindig‘ini “isitib o‘tirish” bilan o‘tkazdi. 2007 yil ruhiy holati sabab, Daysler butsalarini “mixga ilish”ga majbur bo‘ldi.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar