
Ana xolos: TsSKA bosh murabbiyi Fayzullaevni nega o‘ynatmayotganini aytdi!
Yangi mavsumda Rossiya Premer-ligasida besh nafar o‘zbekistonlik futbolchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
“Rubin”dagi hamyurtlarimiz yuqori diviziondagi debyutini nishonlab bo‘ldi. Umarali Rahmonaliev dastlabki to‘rtta uchrashuvning barchasida maydonga tushgani u jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. Jamoadoshi – 26 yoshli himoyachimiz Rustam Ashurmatov ikkita o‘yin o‘tkazdi.
“Nijniy Novgorod”dagi legionerlarimizdan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev uchta uchrashuvdan bittasida maydonga tushirildi. Jamoaga yangi qo‘shilgan hujumchi Ruslan Jiyanov o‘ziga imkon berilishi va debyut onlarini kutmoqda.
O‘zbek futbolining eng iqtidorlari yoshlaridan Abbosbek Fayzullaev ham TsSKAning ikkita o‘yinida qaydnomaga kiritildi, lekin hli debyutini nishonlagani yo‘q. Moskva armiyachilari to‘rtinchi turda “Sochi” ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlar katta umidlar bilan olib kelingan o‘zbek legioneri nega o‘ynamayotgani haqida TsSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotovdan so‘radi.
- Fayzullaev jamoa bilan birga, lekin haligacha debyut qilgani yo‘q. Uning jismoniy holati talabga javob bermaydimi yoki u hali jamoaning o‘yin uslubini tushunib etmadimi?
- Yo‘q bunday emas. Abbosbek hali tayyorlanish jarayonini o‘tayapti. O‘n kun qattiq tayyorgarlik bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, bir necha futbolchimiz etarlicha mashg‘ulot amaliyotini o‘tamay maydonga chiqdi.
O‘yinoldi mashg‘uloti bu faqatgina qizishib olishdan iborat, unda jismoniy yuklamalar bo‘lmaydi.
Ivan Oblyakov, Rosha va Moyzes ham jismoniy tayyorgarlik jarayonidan o‘tgan. Chunki taqvim juda tig‘iz. O‘yindan keyin tiklanib olish jarayoni ham bor. Taqvimda qo‘shimcha yuklamalar berish uchun vaqt yo‘q.
Odatda shunday bo‘ladi. Boshida har qanday yuklamani hazm qilish qiyin kechadi. Tayyorlanmagan organizm uchun jismoniy yuklamalar xavf tug‘diradi. Masalan, hamma birinchi krossini eslasa kerak. Boshida hammasi oson ko‘rinadi, 500 metr o‘rniga bir yarim kilometrni bosib o‘tasiz. O‘sha payt hech narsa sezilmaydi. Ertasiga ertalab butun tana og‘riydi. Xuddi mana shu holatni tayyorgarliksiz ishlash, deyiladi.
Agar jismonan tayyorgarlik ko‘rsak, bir haftadan keyin bir yarim kiloetr masofani ajoyib tarzda bosib o‘tamiz, - dedi Vladimir Fedotov Abbosbek Fayzullaevning holatiga baho berib.
Eslatib o‘tamiz, TsSKA yozgi transferlar vaqtida faqatgina bir futbolchini transfer qildi. Shu bois, 19 yoshli Abbosbek Fayzullaevga muxlislar, mutaxassislar va matbuotning e’tibori kuchli bo‘lyapti.
Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida Osiyo va jahon chempionatlarida yorqin iste’dodini ko‘rsata olgan universal hujumkor futbolchimiz bir necha klublar nazariga tushdi.
Abbosbek TsSKA variantini tanladi. “Paxtakor” bu transferdan 500 ming evro miqdoridagi mablag‘ni ishlab oldi.
4 avgust kuni TsSKA legionerimiz transferini rasman e’lon qildi. Fayzullaev yangi jamoasida 21-raqam ostida to‘p tepadi.
Fikrlar