
“Roma” muxlislari Shomurodov tufayli ikkiga bo‘lindi! Kim haq?
Futbol jamoatchiligi tez orada “Roma” o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov transferini rasman e’lon qilishi kutilmoqda.
Rimliklar “Jenoa” hujumchisini keyinchalik transfer qilish huquqi bilan bir mavsum ijaraga oladi. Biroq, Shomurodovga besh yillik shartnoma taklif qilingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu transfer “Roma”ga qariyb 20 million evroga tushmoqda.
“Roma” muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda Shomurodov transferi bo‘yicha o‘z munosabatini bildira boshladi. Ta’kidlash joizki, muxlislarning bu boradagi fikri bir joydan chiqmayapti. Rimlik ishqibozlarning bir guruhi bu transferga qarshiligini bildirsa, qolganlari Eldor Shomurodov “Jenoa”da bo‘lgani kabi yana o‘zini ko‘rsatishga qodirligini ta’kidlamoqda.
Sports.uz sayti o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga rimliklarning Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha fikr-mulohazalarini havola etadi.
Matteo Lorenzi:
Men bu yana bir omadsiz transfer bo‘lishidan cho‘chiyapman. Bir necha yil oldin Patrik Shikni 42 million evroga sotib olib, bu futbolchi uchun ikki baravar narx to‘lagandik. Natijada u o‘zini faqat boshqa klublarda ko‘rsatdi. Bu gal Eldor Shomurodovni olyapmiz va unga ham ikki baravar ko‘p to‘layapmiz. Lekin o‘zbek hujumchisi “Roma”da o‘zini ko‘rsatib, Shikning yo‘lini takrorlamasligiga ishongim kelyapti.
Francesco Brescia:
Bir yil muqaddam narxi 7 million bo‘lgan va mavsumda 32 ta uchrashuvda 8 ta gol tsrgan hujumchi uchun 20 million sarflash aqlsizlik. Bu transferni tushunmadim.
Fabio Lombardi:
Jeko va Mayoralga solishtirganda bu hujumchi jamoani kuchaytira olishiga ishonchim komil emas. Undan ko‘ra, Mayoralni “Real”dan to‘liq sotib olishga pul sarflash kerak edi. Shunda hamyana bir hujumchiga pul qolardi.
Riccardo Rosina:
O‘zbek hujumchisi o‘tgan mavsum oxirida zo‘r o‘yin namoyish qildi. U zo‘r o‘ynadi va muntazam gol urdi. Bizga aynan mana shunaqa hujumchi kerak. Narxning balandligiga kelsak, biz uni avval ijaraga olyapmiz, agar o‘ynab ketolmasa, sotib olmaymiz.
Enrico Fiasco:
Bu transferning mantiqiy tomonlari ham bor. Internetda Shomurodovning Mourino bilan tushgan surati bor. Bizga Mourinodek murabbiy kelyapti va u albatta Eldorni kutilgan darajada o‘ynata oladi.
Kevin Barrera:
Mavsum oxirida bir necha uchrashuvni zo‘r o‘tkazgan futbolchi uchun 20 million evro xarajat qilish mantiqdanmi?
Justin Di Matteo:
Endi bizning jamoamizga maydoni Italiyadan ikki baravar katta bo‘lgan Osiyodagi davlatlardan biri muxlislik qiladi. Shomurodov qanday o‘ynarkin bilmadimu, lekin muxlislarimiz safi ancha kengayishi aniq.
Giuliano Garofalo:
Eldorning o‘yinlarini kuzatish juda maroqli va qiziqarli bo‘ladi. O‘tgan mavsum oxirida u deyali barcha uchrashuvda gol urdi. Yozgi o‘rtoqlik o‘yinlarida ham muntazam to‘p kiritdi. U formasining yuqori darajasiga ko‘tarilayotgan haqiqiy to‘purar!
Fikrlar