
Shomurodov bu ishni ilk bor uddaladi!
Eldor Shomurodov kuchli beshlik chempionatlarida gol urgan yagona futbolchimiz hisoblanadi. Bugun legionerimiz Italiya klublaridagi gollariga e’tibor qaratamiz.
O‘zbekiston Superligasi va Rossiya premer-ligasidagi faoliyatidan keyin katta umidlar bilan kuchli beshlik chempionatlaridan biri – A Seriyaga yo‘l olgan hamyurtimiz uchun Italiyadagi debyut mavsum ancha muvaffaqiyatli bo‘lgan.
Qisqa fursatda “Jenoa” kabi autsayder jamoaning asosiy tarkibiga ortiqcha muammosiz kirib olgan Eldor begona chempionatga tez moslashdi. Shomurodov Italiyadagi birinchi golini Genuya klubiga borganidan ikki oy o‘tib, “Parma”ga qarshi bahsda urdi. Chempionatning ikkinchi qismi hujumchimiz uchun tom ma’noda samarali bo‘ldi.
Eldor yanvar oyida “Sassuolo”, fevralda “Verona” darvozasini ishg‘ol qildi. Keyin qariyb ikki oy “quruq seriya” to‘riga ilinib qoldi. Mavsum yakuni esa, fantastik bo‘ldi. To‘purarlik mahoratini namoyish qilgan o‘zbek hujumchisi “Spetsiya”, “Latsio”, “Kalyari”ga bittadan “Atalanta”ga ikkita gol urdi.
Aynan chempionatning so‘nggi turlaridagi sermahsullik va gollari sonini sakkiztaga etkazib olgani Shomurodovning Rim klubiga ko‘chib o‘tishiga asos bo‘ldi.
Mavsum oxirida “Yuventus”dan ham taklif olgan hujumchimiz “Roma”ni qabul qilib olgan Joze Mourino qo‘l ostida o‘ynashni ma’qul ko‘rdi.
Afsuski, “Roma”dagi faoliyat bir tekis kechmayapti. Mourino asosiy tarkibdagi joyni Temmi Abraxamga kafolatlab bergan. Eldor asosan so‘nggi daqiqalarda o‘ynayapti, ba’zan umuman zaxirada qolib kelmoqda.
Shomurodov A Seriyada atigi uchta gol urdi. O‘zbek hujumchisidan jabr chekkan jamoalar qatoriga “Venetsiya” va “Sampdoriya” qo‘shildi. Eldor Italiyadagi faoliyatida ilk bor bir jamoa darvozasini har ikki davrada nishonga olishni uddaladi. Bilganingizdek, bu “Venetsiya” klubi bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va etakchisi bu mavsum o‘zi ishtirok etgan barcha turnirlarda raqiblar darvozasiga yo‘l topa olgani quvonarli holat. Eldor birinchi marta o‘tkazilayotgan Konferentsiyalar ligasining saralash bosqichida Turkiyaning “Trabsonspor” klubi posbonini ham ojiz qoldirgan.
Shuningdek, hujumchimiz Italiya kubogi doirasida V Seriya vakili “Lechche” darvozasini ishg‘ol qilib, bu turnirdagi gollar hisobini ham ochib qo‘ydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Joze Mourino Eldorga ko‘proq o‘yin amaliyoti bersa, o‘zbek legionerining samaradorligi bundan yuqori bo‘lishi tabiiy.
Aniq ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, Shomurodov yakunlanib borayotgan mavsumda barcha turnirlarda 37 marotaba maydonga tushdi. Bir qarashda ko‘p o‘ynagandek ko‘rinadi. Lekin maydonda o‘tgangan umumiy vaqti 1110 daqiqani tashkil qilmoqda. O‘rtacha hisobda o‘zi qatnashgan o‘yinlarda 12 daqiqadan ko‘proq maydonda bo‘lgan bo‘lib chiqyapti. Shunga qaramay, Eldor jami beshta gol va oltita assist qayd etdi.
Shomurodovning O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi natijalari ham oshib bormoqda. Eldor bu mavsum mamlakatimiz bosh jamoasi uchun ettita o‘yinda o‘z hisobiga ettiga gol yozdirib qo‘ydi. Xususan, Shvetsiya va Qirg‘iziston darvozasiga bittadan, Janubiy Sudanga ikkita va Uganta terma jamoasiga uchta gol urdi. Termadagi o‘yinlari sonini 53 taga va gollari adadini 27 taga etkazib oldi. Har holda yomon ko‘rsatkich emas.
Mavsum oxirigacha Eldor yana ikkita uchrashuvda maydonga tushishi mumkin. Joze Mourino shogirdlari A Seriyaning oxirgi bahsida Turinda “Torino” mehmoni bo‘ladi.
Yilning eng muhim o‘yini esa 25 may kuni Albaniyaning Tirana shahrida Niderlandiyaning “Feyenoord” klubiga qarshi bo‘ladi. Konferentsiyalar ligasining finalida “Roma” g‘alaba qozonsa, Eldor Shomurodov Evropadagi birinchi sovrinini qo‘lga kiritadi.
"Olimpiko"dagi so‘nggi golni urgan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?
Shomurodov “Venetsiya”ni quyi ligaga jo‘natvordi!
Legionerimiz o‘ziga Evropaning kuchli ligalariga yo‘l ochmoqda!
Shomurodov va Peres o‘rniga “Roma” ikkita zo‘r hujumchi olyapti!
Mourino kelishilgan o‘yinlarga ko‘nmadi
“Roma”ning po‘stagini qoqamiz!
Shomurodov, endi senga yanada qiyin bo‘ladi!
Fikrlar