
Shomurodov “Olimpiko”ni portlatdi!
Evropa ommaviy axborot vositalari “Roma” va “Sampdoriya” uchrashuvida ishtirok etgan o‘yinchilarning xatti-harakatlarini baholab borishi odat tusiga kirgan. Italiya futbolini yoritishga ixtisoslashgan www.calciomercato.com sayti 1:1 hisobida yakunlangan mazkur bellashuvda Rim klubi sharafini himoya qilgan futbolchilarni baholab, o‘yiniga izoh berdi.
Ruy Patrisio, 6 ball:
Birinchi bo‘limda unga ish kam bo‘ldi. O‘yinning ikkinchi yarmida yuqoridagi to‘plar uchun kurashishiga to‘g‘ri keldi. Gabbyadinining golida esa darvozabonni ayblash noo‘rin.
Janluka Manchini, 6 ball:
Manchini doim ham barqaror o‘yin ko‘rsata olmaydi. Ba’zan kerak bo‘lmagan vaziyatlarda to‘p ortidan quvib, o‘zi himoyalanishi kerak bo‘lgan pozitsiyadan uzoqlashib ketadi. Shunga qaramay, ikkinchi bo‘limda “Sampdoriya” futbolchillarining markazdan uyushtirgan xavfli hujumini to‘sib qo‘ydi.
Kris Smolling, 6 ball:
Angliyalik himoyachi raqib hujumchisi Franchesko Kaputoga o‘yin bermadi. Kris ayniqsa ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydi. Lekin ikkinchi taymda Kandrevaning zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytgandan aynan Smolling raqibni yo‘qotib qo‘ydi.
Rojer Ibanes, 5.5 ball:
Avvaliga sovuqqon o‘ynagan Ibanes keyin ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. Bahsning ikkinchi qismida asablari dosh bermadi. Javob to‘pini kiritgan Gabbyadiniga qarshilik qilolmadi. Mavsumni yuqori saviyada o‘tkazib kelayotgan himoyachi yil oxiriga kelib, ishonchli o‘ynay olmayapti.
Rik Karsdorp, 5.5 ball:
Karsdorp keyingi paytda oldinga o‘tmay qo‘ydi. “Roma” birinchi bo‘limda bo‘sh o‘ynagani ham bunga yo‘l qo‘ymadi. Keyin raqib o‘yinchilari ham uni qiynab qo‘ydi. Uchrashuv Rik uchun omadli bo‘ldi, deyish qiyin.
Jordan Veretu, 6 ball:
Frantsiyalik yarim himoyachining aksariyat urinishlari besamar ketdi. Ko‘p to‘p uzatishga harakat qildi. Yil oxirida toliqib qolgandek ko‘rindi.
Eldor Shomurodov, 6.5 ball:
Veretuning o‘rniga 67-daqiqada maydonga tushdi. Shomurodov oradan biroz vaqt o‘tganidan keyin yana Rimga kerakli golni tuhfa etdi. Eldor oxirigacha kurashdi. Ikki marta raqibdan to‘pni olib qo‘ydi. Shomurodov “Sampdoriya” himoyachilarini dog‘da qoldirdi, aniq zarbasi bilan darvozabon Vladimiro Falkonening ojiz nuqtasini topdi va “Olimpiko”ni “portlatdi”. Afsuski, rimliklarning xursandchiligi uzoq cho‘zilmadi.
Brayan Kristante, 6 ball:
Jamoadoshlarining xatolarini tuzatdi. Maydon markazida mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishiga to‘g‘ri keldi. Yarim himoyachilarni oldinga o‘tishga undadi.
Genrix Mxitaryan, 6.5 ball:
Ikki marta aniq pas orqali Temmi Abraxam va Matias Vinani qulay pozitsiyaga chiqardi. Lekin jamoadoshlari u yaratib bergan imkoniyatdan foydalanishga tayyor emasligi ko‘rinib qoldi. Genrixning o‘zi ham darvozaga zarba berdi. Falkone gol urishiga yo‘l qo‘ymadi.
Matias Vina, 5.5 ball:
Urugvaylik futbolchi raqibning eng xavfli o‘yinchilaridan Kandrevaga qarshi o‘ynadi. Umuman olganda, vazifasini uddaladi. Lekin xatolar bor. To‘p uzatishda aniqlik etishmadi, ba’zi vaziyatlarda tezkor qaror qabul qila olmadi.
Stefan El-Shaaravi, 5.5 ball:
Vinaning o‘rniga tushib, o‘z qanotida hujumkorlikni oshirishga harakat qildi. Lekin o‘yin uning jismoniy holati yuqori emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Nikolo Dzanolo, 6 ball:
Nikolo hujumda Temmi Abraxam bilan o‘ynaganda doimo yaxshi g‘oyalari borligini namoyish qiladi. Lekin Dzanolo aniq pas uzatish talab qilingan vaziyatda xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Ikkinchi bo‘limda uning o‘zi Falkona darvozasiga ikki marta xavf soldi.
Temmi Abraxam, 6 ball:
Bergamodagi dahshatli o‘yindan keyin ancha “tinchib” qoldi. Yaxshi pasni darvozaga aniq yo‘llay olmadi. Jarohat tufayli o‘rnini Feliksga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi.
Feliks Afena-Gyan, 5 ball:
Feliksning “Sampdoriya” darvozasiga gol ura olmagani darvozabon Falkonening mahoratiga emas, balki hujumchining o‘zi bo‘sh o‘ynagani sabablidir.
Joze Mourino, 6 ball:
Bergamodagi g‘alabadan keyin “Roma” o‘z maydonida “Sampdoriya”ni parchalab tashlashi kutilgandi. Lekin amalda bunday bo‘lib chiqmadi. Haqiqiy “Roma”ni yana qachon ko‘ramiz?
Fikrlar