Tezkor: Shomurodov transferi bo‘yicha taklif tushdi!

  • 22.11.2025 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning transfer huquqi hamon Italiyaning “Roma” klubiga tegishli bo‘lib turibdi.

Rimliklar 30 yoshli o‘zbek futbolchisini yozda “Istanbul Bashakshehir” klubiga keyinchaliklar to‘liq transfer qilish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga bergan.  Eldorning joriy mavsumda Turkiya yashil maydonlarida qayd etayotgan ko‘rsatkichlari legionerimizning tanlovi to‘g‘ri bo‘lib chiqqanini ko‘rsatmoqda.

Aslida Eldor “Roma”dagi oxirigi mavsumini ham yuqori darajada o‘tkazgan edi. Hujumchimiz tajribali murabbiy Klaudio Raneri qo‘l ostida jamoaning asosiy figurasiga aylana oldi. Biroq ustozining nafaqaga chiqqani va “Roma”ga Jan Pero Gasperini bosh murabbiy etib tayinlangani ortidan Eldor ham yangi chempionatga o‘tishiga to‘g‘ri keldi.

Shomurodov istanbulliklarning etakchi o‘yinchisiga aylanishi hech qancha vaqt talab qilgani yo‘q. Hamyurtimizning Superliganing dastlabki 12 ta uchrashuvida raqiblar darvozasini 8 marotaba ishg‘ol qildi va chempionat to‘purarlari poygasida peshqadamlik qilmoqda.

Eldor “Bashakshehir”ning barcha 13 ta golidan sakkiztasiga mualliflik qilgani uning jamoaning asosiy figurasi ekanidan dalolat beradi. Bosh murabbiy Nuri Shaxin ham intervyularida o‘zbek futbolchisining mahoratini alohida e’tirof etgani ham bejiz emas.

Endi qishki transferlar davri yaqinlashib kelayotgan bir pallada  “Istanbul Bashakshehir” Shomurodovning transferini hal qilishi masalasi ko‘tarilmoqda.  Turklar o‘z gollari bilan jamoaga qimmatli ochkolar keltirayotgan o‘yinchini to‘liq o‘ziniki qilmoqchi.

Ular buning uchun mavsum yakunlanishini kutmqochi emas va masalani imkon qadar tezroq hal qilishga urinadi. Bu borada "Roma"ga turklardan taklif tushdi. Bu haqda Turkiyaning eng nufuzli manbalari yozmoqda.

- “Bashakshehir” rahbariyati mavsum boshida “Roma”dan 3 million evro evaziga ijaraga olingan o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodovni to‘liq transfer qilish uchun Rim klubiga taklif yubordi. Tez orada turk klubi italiyaliklar bilan muzokaraga kirishadi. O‘zbekistonlik forvard hozirgacha Superligada sakkizta gol va bitta assist muallifi bo‘ldi, - deb yozmoqda fotomac.com.tr sayti.

O‘z navbatida, Italiya futbolini yoritayotgan romaforever.it sayti  ham bu masalaga e’tibor qaratdi.

- Rimda uzoqda Eldor Shomurodovning ishlari yurishib ketdi va u “Roma”da Klaudio Raneri qo‘l ostida boshlangan samarali seriyasini davom ettirmoqda.  O‘zbek hujumchisi “Istanbul Bashakshehir” safida Turkiyadagi mavsumni yorqin boshladi va A Seriyadagi murakkab davrdan keyin yana porlay olishini isbotlab kelmoqda.

“Roma”ning endilikda sobiq hujumchisining natijalari hayratga solmoqda: 12 ta uchrashuvda 8 ta gol. Bu vaziyatni Rim klubi mutasaddilari sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda.

Eldor Shomurodovning to‘liq transferi yana 2,8 million evro miqdoridagi to‘lov evaziga amalga oshishi mumkin. Rimliklar o‘zbek forvardining keyingi transferidan ham 10 foiz ulush olishi belgilangan, - deb yozdi romaforever.it sayti jurnalisti  Melissa Landolina.

Har ikki klub Eldor Shomurodovning transferini to‘liq yakunlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan jarayonda legionerimizning o‘zi xalqaro tanaffusdan keyin Istanbulga qaytib, “Bashakshehir” tarkibida Turkiya Superligasining navbatdagi turiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Yana bir quvonchli xabar shundan iboratki, jarohatidan qutilgan Abbosbek Fayzullaev ham jamoaviy mashg‘ulotlarga qo‘shilgan va sport formasini tiklab olgach, “Bashakshehir”ga yordam berish imkoniga ega bo‘ladi.

Legionerlarimiz jamoasi navbatdagi uchrashuvni 24 noyabr kuni o‘z maydonida chempionatda uchinchi o‘rinda borayotgan “Trabzonspor”ga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.

Shomurodovning ustozi muhim qarorga keldi

“Manchester Siti” Husanovning joyiga zo‘r himoyachi oladigan bo‘ldi
Shomurodov finaldan keyin nimalar dedi?
Husanovning ahvoli qanday? “Manchester Siti” o‘yinchilari reytingi e’lon qilindi

O‘zbekistonning shov-shuvli g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rustam Ro‘ziyev
22/11/2025 03:58
Неча марта ўсирганигача ёзишгин!!! Фаросатсиз туғилганмисан ё очликдан еб қўйганмисан? Ҳар мақолангда нечта гол урганини ёзишинг шартми? Қисқагина қилиб Башакшеҳирспор Шомуродовни тўлиқ трансфер қилмоқчи десанг ўласанми? Ўзи сайтинга кам одам кирса, кирган одамниям асабини ейсан!!!