
Yangi ma’lumot. Shomurodov Italiya klubi bilan to‘rt yillik shartnoma imzolaydi
Bir kun ichida “Rostov” hujumchisi Eldor Shomurodovning bozori tom ma’noda qaynab ketdi. Rossiya premer-ligasida gol urmay qo‘ygan hujumchiga go‘yoki xaridorlar talabi yo‘qday edi. Yozda Belgiyaning “Genti”dan tushgan besh million evrolik taklif rad etilgach, transfer yangiliklarida o‘zbek hujumchisining nomi chiqmay qo‘ydi.
Eldor Shomurodovning Evropa Ligasida “Makkabi Xayfa” darvozasini ishg‘ol qilib, 15 ta uchrashuvdan iborat va 208 kun davom etgan golsiz seriyasiga barham bergani uni unitib qo‘ygan “ko‘hna qit’a” jamoalari uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lganga o‘xshaydi.
Chunki o‘tgan yilning oxirlarida ham Shomurodov Bundesligadan chorlovlar olgani, “Shalke” va “Shtutgart” bonuslarni qo‘shib hisoblaganda 10-15 million evro va’da qilgani haqida xabarlar bor. Biroq, koronavirus pandemiyasi qisqa fursatda jamoalar moliyaviy qudratini emirib tashlagani va futbol bozoriga katta zarba bergani ko‘plab transferlar qatorida Eldorning bozorini ham “o‘ldirdi”.
Nihoyat, kuni kecha kutilmaganda Italiyaning eng yoshi ulug‘ jamoalaridan biri “Jenoa” vakillari Shomurodovni so‘rab, “Rostov” “eshiklari”ni taqillatdi. “Rostov” o‘z odatiga ko‘ra, 8 million evrolik birinchi taklifni qabul qilmadi. Genuyaliklar muzokaralar davomida yana bir million evro qo‘shishga ko‘ndi.
Shu pallada savdoga “Fiorentina” va “Verona” aralashib, “Jenoa”ga xalaqit qilishga kirishdi. “Verona” narxni 10 million, “Fiorentina” esa, 12 million evrogacha ko‘targani haqida ma’lumotlar bor. Biroq, bu takliflar rasmiy ko‘rinish maqomigacha etib bormagani aytilmoqda.
Shuning uchun “Rostov” aniq xaridor – “Jenoa” bilan muzokaralarga jiddiy e’tibor qaratdi. Rossiyaning eng mashhur nashrlaridan biri “Sport Ekspress” aniqlagan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar Eldorning transferini 9 million evroga kelishib bo‘lgan. “Rostov” Eldorning keyingi transferidan yana 15 foiz ulushga ega chiqishini inobatga olsak, rostovliklar uchun bu transfer ancha manfaatli bo‘lgani ko‘rinib turibdi. Chunki “Rostov” bundan uch yil muqaddam hujumchini o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun atigi 300 ming evro sarflagan xolos.
Eldor Shomurodov bugun Genuyaga borishi ketilmoqda. O‘zbekistonlik legioner juma kuni “Jenoa”da tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va shundan so‘ng jamoa bilan to‘rt yillik shartnomaga imzo chekishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hamyurtimizning Italiyadagi yillik maoshi 600 ming evrodan boshlanadi. Shu o‘rinda, “Ufa”dan “Spartak” jamoasiga ko‘chib o‘tgan Oston O‘runov ham yiliga 600 ming evro atrofida maosh olishi haqida xabarlar tarqatilganini eslatib o‘tishga qaror qildik.
Qiziq bir tasodif. Shomurodov “Bunyodkor” tarkibida o‘ynagan paytlarida uning gollari soni 18 taga etganida Rossiya premer-ligasiga yo‘l olgan edi. Endi “Makkabi Xayfa” darvozasidan joy olgan aniq zarba bilan Eldorning “Rostov”dagi jami gollari soni 18 taga etdi va u Italiyaga ko‘chib o‘tish arafasida turibdi.
Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 43 ta uchrashuvda 20 ta gol urgan bo‘lsa ham, xalqaro maydonda faqat o‘z vatani sharafini munosib himoya qiladi.
Fikrlar