
Yangi yilning birinchi golini Shomurodov urishi kerak yoxud “Milan” – “Roma” bahsiga oid 11 fakt
Bugun Toshkent vaqti bilan 22:30 da “Roma” 2022 yildagi ilk rasmiy uchrashuvini mashhur “San-Siro” arenasida “Milan”ga qarshi o‘tkazadi. Ma’lumki, poytaxt klubi tarkibida o‘tgan yilning eng oxirgi golini Eldor Shomurodov urgan va bu aniq zarba Joze Mourino shogirdlariga bir ochko keltirgan edi.
“Milan” – “Roma” uchrashuvi oldidan tarkiblarni taxmin qilib, o‘yinga anons tayyorlayotgan ommaviy axborot vositalari bahs gollarga boy bo‘lishini va rimliklarning yangi yildagi ilk to‘pini Eldor Shomurodov kiritishini kutmoqda.
Sports.uz portali ularning fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan holda “Milan” – “Roma” uchrashuviga oid qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola qiladi.
1 – “Milan” A Seriya o‘yinlarida eng ko‘p “Roma”ni yutgan. Milanliklar 173 ta uchrashuvdan 77 tasida zafar quchgan. 51 ta o‘yinda kuchlar teng kelgan va rimliklar 45 ta g‘alabani tantana qilgan. So‘nggi ikki bahs ham Pioli shogirdlari g‘alabasi bilan yakunlagan. Agar bu gal ham mezbonlarning qo‘li baland kelsa, ular 1996 yildan beri ilk bor g‘alabalar seriyasini uchtaga etkazib oladi.
2 – Ushbu ikki jamoa “San-Siro”da jami 86 marotaba to‘qnash kelgan. Arena egalari shulardan 47 tasida raqibni tasliq qilgan. Duranglar soni 20 tani tashqil qilsa, poytaxtliklar safar uchrashuvidan 19 marta xursand holda qaytgan.
3 – “Milan” va “Roma” avval ham 6 yanvar kuni bir bor to‘qnash kelgan. 2004 yilning 6 yanvarida “Milan” Andrey Shevchenkoning dubli evaziga “Olimpiko”dan uch ochko bilan qaytgan edi.
4 – 2021 yilda “Milan” A Seriyada jami 27 ta bahsda g‘olib chiqdi va bu jamoa tarixidagi ikkinchi ko‘rsatkich. Jamoa 1950 yilda milliy chempionatda 28 ta bellashuvni o‘z foydasiga hal qilgani hali yangilanmagan rekord hisoblanadi.
5 – “Milan” bugungi kunda kuchli beshlik chempionatlarida jarima zarbasidan gol urish bo‘yicha peshqadam hisoblanadi. Hozircha ular to‘rt martda jarima zarbasini to‘g‘ri raqib darvozasiga joylagan.
6 – Zlatan Ibrohimovich A Seriya doirasida “Roma” darvozasini 11 marotaba ishg‘ol qilgan. Rim klubi shved hujumchisining “sevimli” jamoasi hisoblanadi.
7 – Ante Rebich A Seriyadagi 25 ta golidan 22 tasini mavsumning ikkinchi yarmida kiritgan. Shulardan ikkitasini 2020 va 2021 yilgi mavsumlarning ikkinchi qismida “Roma” darvozasiga joylagan.
8 – Teo Ernandes A Seriyaning joriy mavsumida himoyachilar o‘rtasida golli pas oshirish bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda. Frantsiyalik futbolchi hozircha beshta assistni amalga oshirdi. Ikkita gol urganini inobatga olsak, gol+pas tizimi bo‘yicha ham Teo ligada etakchi.
9 – “Roma” tarbiyalanuvchisi Alessandro Florentsi 2011 yilning 22 mayida debyut qilganidan beri poytaxtliklar uchun eng ko‘p 227 ta uchrashuv o‘tkazgan. Bu gal u “Milan” sharafini himoya qiladi.
10 – Milanliklarning yana bir himoyachisi Alessio Romanoli ham A Seriyadagi dastlabki 13 ta uchrashuvini “Roma” safida o‘tkazgan.
11 – Davide Kalabriya A Seriyadagi jami ettita golidan birinchisini 2018 yilning fevralida “Roma” darvozasiga kiritgan.
Joriy mavsumda chempionlik uchun kurashayotgan “Milan” 19 ta uchrashuvda 13 ta g‘alaba, uchta durang va uchta mag‘lubiyat bilan 42 ochko to‘plab, musobaqa jadvalining ikkinchi pog‘onasidan o‘rin egallagan.
Joze Mourino shogirdlari esa o‘nta g‘alaba, ikkita durang va ettita mag‘lubiyat qayd etib, jadvalning oltinchi qatorida bormoqda. Birinchi davrada Rim mezbonlik qilgan uchrashuv 1:2 hisobida milanliklar g‘alabasi bilan yakunlangan.
Fikrlar