
Shomurodov “Roma”ga kerak emas. Eldor uchun navbatdagi bekat – Germaniya grandi!
Yozgi transfarlar mavsumida “Roma” tarkibida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Joze Mourino hozirgi tarkibdagi futbolchilarning aksariyatidan voz kechib, Chempionlar ligasi uchun kurashadigan jangovar jamoa shakllantirishni maqsad qilgan.
Joze Mourino davrida Rim klubiga olib kelingan o‘yinchilar orasida faqatgina tajribali darvozabon Ruy Patrisio va “Chedsi” hujumchisi Temmi Abraxam bosh murabbiy ishonchni oqladi xolos.
La Gazetta dello Sport nashrining yozishicha, portugaliyalik murabbiy kelasi mavsum hozirgi o‘yinchilar orasidan faqatgina etti nafari bilan ishlashga tayyorligini bildirgan. Afsuski, Joze Mourino o‘zi Rimga taklif qilgan Eldor Shomurodov teginilmas futbolchilar ro‘yxatida yo‘q.
Manbaning ma’lum qilishicha, Joze Mourino joriy mavsum yakunlangach, darvozabon Ruy Patrisio, himoyachilar Leonardo Spinatstsola, Kris Smolling, yarim himoyachilar Genrix Mxitaryan, Serjiu Oliveyra, Lorentso Pellegrini va o‘zining ishonchini qozongan yagona hujumchi Temmi Abraxamdan boshqa har qanday futbolchi bilan xayrlashishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Eldor Shomurodov anchadan beri asosiy tarkibga kiritilmayotgan va keyingi paytda xatto zaxiradan ham o‘yinga tushirilmayotgan holatlar kuzatilayotgani bois muxlisu mutaxassislarning aksariyati hujumchimiz boshqa jamoaga o‘tsa yaxshi bo‘lardi, degan fikrni ilgari surmoqda.
Eldor O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida “Navruz kubogi-2022” halqaro turnirida ikkita uchrashuvda to‘rtta to‘p kiritib, gol urish qobiliyati joyida ekanini isbotlab qo‘ydi. Ushbu bahslardagi gollar ijrosi ko‘p jihatdan hujumchimizning ijro mahorati samarasi sifatida ko‘rilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Eldor Shomurodovga kuchli beshlik chempionatlaridan biri – Germaniya Bundesligasi vakillaridan jiddiy qiziqishlar bo‘lmoqda. Futbolga ixtisoslashgan forzaroma.info sayti muxbiri Robert Molining yozishicha, o‘zbek futbolchisi “Leyptsig” va “Xoffenxaym” e’tiboriga tushdi.
"Leyptsig" varianti yoqimliroq ko‘rinmoqda. Keyingi yillarda Bundesliganing grand jamoalari qatoriga qo‘shilib olgan bu klub iste’dodlarni kashf etish, mahoratli futbolchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘z an’analarini namoyish qilib kelmoqda. E’tibor bilan qarasak, keyingi mavsumlarda Evropaning bir necha etakchi klublari aynan "Leyptsig" jamoasida o‘zini ko‘rsatayotgan o‘yinchilarni transfer qilmoqda.
Ta’kidlash mumkinki, Eldor Shomurodov “Rostov” jamoasida o‘ynab yurgan kezlari ham, unga Bundesliganing “Shtutgart”, “Bayer”, “Shalke” kabi klublaridan qiziqish bo‘lgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.
Xo‘sh, “Roma” Shomurodovni sotishga tayyormi?
Rimliklar o‘tgan yili yozda 7,5 million evroga baholangan Shomurodov uchun 17,5 million evro sarflagan edi. Albatta, hamyurtimizning narxi ko‘tarilishiga o‘tgan mavsumda “Jenoa”da ko‘rsatgan mazmunli o‘yinlari sabab bo‘lgan. Debyut mavsumida u sakkizta to‘p kiritib, genuyaliklarning A Seriyada qolishiga katta yordam bergandi.
Joze Mourino qo‘l ostida ham mavsumoldi tayyorgarligi doirasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari va dastlabki rasmiy bahsda gol urgan futbolchimiz “Roma” Temmi Abraxamni olganidan keyin zaxiraga o‘tkazildi. Murabbiylar shtabi Shomurodovga ham etarli o‘yin amaliyoti berishi kerak edi.
Eldorning rimliklar bilan uzoq muddatli shartnomasi borligini inobatga olib, nemis klublariga o‘zbek hujumchisi transferini amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Aslida Mourino ham o‘z zaxirasida hujum markazi, chap qanotda o‘ynay oladigan, himoyachilarga ko‘p yordam beradigan, tezligi, driblingi joyida bo‘lgan mehnatkash futbolchi bo‘lishiga qarshi emas.
Manabalarning ta’kidlashicha, Rim klubi rahbariyati Shomurodovni transfer qiladigan bo‘lsa ham 15 million evrodan kamiga qo‘yib yubormaydi.
Bundan tashqari, tahlilchilar bugungi kunda Bundesliga to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinda borayotgan Patrik Shik tajribasini ko‘p tilga olmoqda. Bu hujumchi xuddi Shomurodov kabi “Roma”da o‘zini ko‘rsata olmagan. Lekin Germaniya chempionatiga ko‘chib o‘tib nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ydi. Hozir Patrik Shik qator grand klublar nishonida turibdi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham Shomurodov ko‘proq o‘ynashi tarafdorimiz. Hujumchimizning o‘zi ham yaqinda jurnalistlarga bergan intervyusida shuni ta’kidlagan. Demak, yozda transferlar bozorini sinchkovlik bilan kuzatib boramiz.
Fikrlar