
Zarbasi zo‘rlar yoxud ularning hech biri “Paxtakor” futbolchisidek to‘rni teshib qo‘yolmagan!
Futbolda noyob iste’dodlar ko‘p. Biroq ular orasida o‘ta kuchli zarba ega charm to‘p ustalari kamdan kam topiladi. Avval ham kuchli zarba egalari bo‘lgan, biroq u davrlarda zarba kuchini aniq o‘lchay oladigan texnologiyalar rivojlanmagan edi.
Sports.uz muxlislar e’tiboriga eng kuchli zarbaga ega sakkiz futbolchi haqida ma’lumot beradi.
8-o‘rin. Devid Bekxem - 157 km/s
Angliyalik futbolchi jarima zarbalari bilan muxlislar e’tiborini qozongan. Bundan tashqari, u o‘yin davomida turli masofalardan aniq zarba yo‘llay olgan. To‘pning traektoriyasi ham o‘zgacha yo‘nalish olardi.
Bekxem “Manchester Yunayted”da o‘ynab yurgan davrda eng kuchli zarbasini “Chelsi” darvozasi tomon yo‘llagan edi. 1997 yilgi uchrashuvda Devid tepgan to‘p soatiga 157 kilometr tezlikda uchib, darvozaning yuqori qismidan to‘rga tushgan.
7-o‘rin. Devid Xerst - 183.4 km/s
Bu futbolchini hozirgi avlod deyarli tanimaydi. Xerstning o‘zi ham esda qolarli gollari bilan maqtana olmaydi. Hatto uning eng kuchli zarbasi ham raqib darvozasi to‘ridan joy olmagan. “Sheffild Uenstdey” futbolisining 1996 yili “Arsenal”ga qarshi o‘yinda bergan zarbasi soatiga 183,4 kilometr tezlikda borib, darvoza to‘sinini titratib yuborgan xolos. Lekin bunchalar kuchli zarba berish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi.
6-o‘rin. Krishtianu Ronaldu – 185 km/s
Ronaldu 2010 yili “Real Saragosa” maydonida bo‘lgan uchrashuvda faoliyatidagi eng kuchli zarbasini yo‘llagan. Jarima nuqtasidan soatiga 185 kilometr tezlikda kelayotgan zarbani raqib darvozaboni qaytara olmadi. “Real” g‘alaba qozondi.
5-o‘rin. Stiven Rid - 189 km/s
“Blekbern Rovers” himoyachisi Stiven Rid mashhurlar qatoriga kirmasa-da, bir zarba bilan nomini tarixga muhrlab qo‘ygan. 2005 yilgi mavsumda u “Uigan” darvozasiga 25 metrdan dahshatli zarba yo‘lladi. Tezligi soatiga 189 kilometrni tashkil qilgan to‘p raqib darvozasiga tushdi.
4-o‘rin. Roberto Karlos - 198 km/s
Roberto Karlosning uzoq masofadan urgan gollari juda ko‘p. Lekin 1997 yili o‘rtoqlik uchrashuvida Braziliya terma jamoasi safida Frantsiya darvozasiga yo‘llangan zarbasi juda g‘alati traektoriya kasb etdi. Zarbani tadqiq qilgan mutaxassislar to‘p nega bu tarzda uchganini tushintirib berolmadi. Karlosning o‘zi ham buni qanday uddalaganini bilmadi. O‘sha zarbaning tezligi soatiga 198 kilometrni tashkil qildi.
3-o‘rin. Lukas Podolski - 202 km/s
Lukas Podolski Roberto Karlosning rekordini 2010 yilgi jahon chempionatida yangiladi. Germaniyalik hujumchining Avstraliya darvozasiga 15 metrdan yo‘llagan to‘pining tezligi soatiga 202 kilometrni tashkil qildi.
2-o‘rin. Ronni Eberson - 210.8 km/s
2006 yili “Sporting” va “Naval” o‘rtasidagi uchrashuvda Ronni Eberson jarima zarbasini shunday kuch bilan tepdiki, to‘p tezligi soatiga 210.8 kilometrga etdi. Lekin bu chegara emas ekan.
1-o‘rin. Xalk - 214 km/s
Odil Ahmedov bilan “Shanxay SIPG” tarkibida Xitoy chempioni bo‘lgan futbolchi 2011 yili “Portu” tarixiga kirgan edi. UEFA Chempionlar ligasida “Shaxtyor”ga qarshi o‘tkazilgan bahsda Xalk bergan zarba sotiga 214 kilometr tezlikda darvoza to‘ridan joy oldi. Bu rekord hali yangilangani yo‘q.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Paxtakor” tarkibida porlagan Gennadiy Krasnitskiyning ham zambarak zarbasi bor edi. Biroq, u davrlarda zarba tezligini o‘lchash uchun texnikalar bo‘lmagan va bunday urf ham yo‘q edi.
1963 yilda Gennadiy Krasnitskiy sobiq Ittifoq klublari terma jamoasi safida Janubiy Amerika bo‘ylab turnega chiqadi. Peruning “Sporting Kristal” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda darvazadan 20 metr uzoqlikda jarima zarbasi belgilanadi.
To‘pga Krasnitskiy yaqinlashadi. Zarba berilgach, hech kim nima bo‘lganini anglamaydi. To‘p to‘g‘ri darvozaga borgan, lekin to‘rning orqa tomonida to‘xtagan edi. Hakam gap nimada ekanini darhol anglaydi va darvozani nazaridan o‘tkazadi. To‘p darvoza to‘rini teshib o‘tgandi. Gol inobatga olinadi.
Ertasi kuni hakamning qarori to‘g‘ri ekani tasdiqlandi. Fotomuxbirlardan biri gol bo‘lgan vaziyatni muhrlagan edi. Suratda to‘p darvoza ustuning ichki tomonidan o‘tib, to‘rni yirtayotgan palla yaqqol ko‘rinib turardi.
Keyinroq Gennadiy Krasnitskiy Gretsiyadagi xalqaro uchrashuvda ham bir zarba bilan darvza to‘rini yirtib yuborgani tarixga muhrlangan.
Fikrlar