
Ana xolos! O‘runovni “Spartak”da kutayotganlar bor ekan!
Rossiya premer-ligasini tark etgan “Ufa” rasman Oston O‘runov bilan xayrlashganini ma’lum qildi.
Boshqirdistonliklar jamoa premer-ligani tark etgani uchun “Spartak”dan o‘zbek futbolchisining transfer huquqini sotib olmaslikka qaror qildi. Chunki professional maqomini yo‘qoishga yaqin turgan klub O‘runov uchun bir million evro to‘lay olmaydi.
- Oston O‘runovga hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz va keyingi professional faoliyatida omad tilaymiz, - deb bayonot berdi “Ufa” klubi.
21 yoshli futbolchimiz ufaliklar jamoasida 17 ta uchrashuv o‘tkazdi. Mavsumning birinchi qismida Oston jarohatlar tufayli o‘zini ko‘rsata olmadi. Biroq chempionat oxiriga borib, jamoasining etakchi o‘yinchilaridan biriga aylandi.
Oston O‘runov o‘zining transfer huquqiga ega qiluvchi “Spartak” jamoasiga qaytadigan bo‘ldi. Legionerimizning Moskva klubiga qaytishiga mutaxassislar turlicha fikr bildirmoqda.
“Spartak”ning sobiq futbolchisi Yuriy Gavrilov klub o‘zbek yarim himoyachisidan tezroq qutilish kerakligini ta’kidladi.
- O‘runov “Spartak”ga qanday yordam berishi mumkinligini bilmaymiz. Bu borada rahbariyat qaror qabul qiladi. Ostonning jamoa uchun foydali ish koeffitsenti juda pas. U hatto “Ufa”ga ham kerak emas. Ufaliklar nega unga maosh to‘lashi kerak? Shuning uchun ular futbolchini kelgan joyiga qaytarib yubordi. Endi nima qilishni “Spartak” hal qilsin, - dedi Yuriy Gavrilov.
“Spartak”ning sobiq darvozaboni Anzor Kavazashvili O‘runovning iste’dodiga ijobiy baho berdi va jamoaga qaytishini olqishladi.
- O‘runov mavsumni “Ufa”da o‘tkazdi va yaxshi tomonlarini ko‘rsata oldi. Oston Stukalov jamoasida asosiy figura bo‘la oldi. Shuning uchun ham “Spartak”ga kelsin. Mun uning qaytishini qo‘llab-quvvatlayman. Agar u hozirgi bosh murabbiy Vanoli to‘g‘ri kelmasa, uni boshqa klubga ijaraga berish yoki sotib yuborish ham mumkin, - dedi mashhur darvozabon.
Oston O‘runov mavsumni barqaror o‘tkaza olmagani uchun transfer summasi pastlab ketdi. Chempionat oxirigacha bir million evroga baholangan hamyurtimizning 2 iyun kuni yangilangan reytingdagi summasi 700 ming evroga tenglashdi.
21 yoshli futbolchimizning “Spartak” bilan shartnomasi 2025 yilning 30 iyunigacha imzolangan. Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzodligini qaytarib olgan futbolchimiz tez orada “Spartak” jamoasiga qaytariladi.
Rossiyaga qo‘llanilayotgan sanktsiyalar tufayli “Spartak”ga egalik qiluvchi Leonid Fedunning moliyaviy ahvoli yomonlashgani aytilmoqda. Shu sabab, “Spartak”ning Milliy futbol ligasida ishtirok etayotgan ikkinchi jamoasi faoliyatini to‘xtatgan. Bundan tashqari, klub barcha legionerlarni sotib yuborishi mumkinligi haqida xabarlar chiqarilmoqda.
Fikrlar