
“CAFA Nations Cup 2025”: Husanovning bir o‘zi Eron terma jamoasidan qimmat turadi!
O‘zbekiston va Tojikiston maydonlari futbol bo‘yicha “CAFA Nations Cup 2025” xalqaro turnirining guruh bellashuvlariga mezbonlik qilmoqda.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘mon milliy terma jamoalaridan tarkib topgan “A” guruhi o‘yinlari Toshkent shahrida o‘tkazilyapti. Eron, Afg‘oniston, Hindiston terma jamoalari Tojikistonda mehmon bo‘lib turibdi.
Sports.uz portali turnirga oid qiziqarli ma’lumotlarni futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Bu musobaqada jami sakkiz mamlakat ta terma jamoalari qatnashyapti va ishtirokchilarning umumiy narxi 127,35 million evroni tashkil qiladi. Biroq terma jamoalar o‘rtasidagi narx farqi juda katta.
O‘zbekiston – asosiy favorit
O‘zbekiston turnirda eng qimmat tarkibga ega jamoa. Uning umumiy summasi 67,48 million evroni tashkil qiladi. Tarkibning asosini Evropa klublarida o‘ynayotgan kuchli futbolchilar tashkil qiladi. Mutaxassislar bu jamoani g‘oliblik uchun asosiy da’vogar sifatida e’tirof etmoqda.
O‘zbekistonning etakchi o‘yinchilari:
Abduqodir Husanov – 35 million evro, Abbosbek Fayzullaev – 8 million evro; Eldor Shomurodov – 5 million evro; Oston O‘runov – 2 million evro; Otabek Shukurov – 1,8 million evro.
Eron – chempionlikka doimiy da’vogar
Terma jamoalarning narxi bo‘yicha ikkinchi ko‘rsatkich Eron terma jamoasiga tegishli. Forslar 26 million evroga baholanyapti. Bu terma jamoa jahon va Osiyo chempionatlarida muntazam qatnashib keladi.
E’tiborli jihati, Abduqodir Husanovning transfer summasi qit’adagi eng qudratli terma jamoalardan hisoblangan Eronnikidan 9 million evroga qimmat turadi.
Eronning eng qimmat o‘yinchilari:
Mehdi Taremi – 3,5 million evro; Xusseyn Kanaani – 1,8 million evro; Saman G‘oddos – 1,5 million evro; Alireza Jahonbaxsh – 1,5 million evro; Amirxusayn Xussaynzoda – 1,5 million evro.
O‘mon – o‘rtamiyona jamoa
O‘mon ishtirokchilar orasida jamoaning umumiy narxi bo‘yicha uchinchi o‘rinda. Tajribali o‘yinchilar va yoshlarni jamlagan tarkib 9,95 million evroga baholanyapti.
O‘mon terma jamoasi etakchilari:
Muhsin Al-Hassani – 1 million evro; Essam As-Subhiy – 500 ming evro; Daxman – 500 ming evro.
Tojikiston – kelajak jamoasi
Tojikiston terma jamoasining umumiy narxi 7,93 million evroga baholangan va murabbiylar asosan mahalliy o‘yinchilar va ayrim legionerlarga tayanadi. Bu jamoa o‘z salohiyatini ko‘rsata boshlagan va endi xalqaro maydondagi mavqeini ko‘tarishga harakat qilyapti.
Tojikistonning eng qimmat o‘yinchilari:
Rustam Yatimov – 1,5 million evro; Parviz Umarboev – 600 ming evro; Zoir Jo‘raboev – 600 ming evro; Ehson Panjshanbe – 600 ming evro; Alisher Jalilov – 500 ming evro.
Qirg‘iziston – o‘ta tartibli jamoa
Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasining narxi 6,65 million evroni tashkil qilyapti. Bu jamoa tartibli o‘yini bilan nom qozongan va har qanday raqibga syurpriz tayyorlay oladi.
Qirg‘izistonning etakchi o‘yinchilari:
Joel Kojo – 600 ming evro; Guljigit Aliqulov – 600 ming evro; Tamirlan Kozubaev – 450 ming evro; Kristian Brauzman – 450 ming evro.
Hindiston – katta tajriba egasi
Dunyoda aholisi eng ko‘p ikki mamlakatdan biri hisoblangan Hindistonning terma jamoasi 5,38 million evroga baholangan. Hindlar raqiblarni jamoaviy o‘yin orqali engishga urinadigan jamoa.
Hindistonning eng qimmat o‘yinchilari:
Lallinzuala Chxante – 350 ming evro; Sandesh Jingan – 300 ming evro; Suresh Singx – 300 ming evro; Anvar Ali – 300 ming evro.
Turkmaniston – barqarorlikni ko‘zlagan jamoa
Markaziy Osiyoning bu jamoasi 2,53 million evroga baholangan. Turkmanlar kurashuvchanligi bilan ajralib turadi va har qanday jamoaga qarshi o‘ynay olishi mumkin.
Turkmaniston terma jamoasi etakchilari:
Altimurod Annadurdiev – 200 ming evro; Guychmirat Annaguliev – 175 ming evro; Abdi Byashimov – 175 ming evro.
Afg‘oniston – vaqtinchalik autsayder
Afg‘oniston terma jamoasi 210 ming evroga baholangan. Bu mamlakatda hali professional futbol to‘liq shakllangani yo‘q. Mamlakatning eng qimmat o‘yinchisi Rmat Akbari 150 million evroga baholangan.
Eng qiziq faktlar:
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Afg‘onistondan 320 marta qimmat turadi;
O‘zbekiston va Eron terma jamoalarining umumiy narxi 93,5 million evroga teng bo‘lib, qolgan olti jamoani qo‘shib hisoblaganda ham ulardan ko‘p.
Abduqodir Husanovning bir o‘zi butun Eron milliy terma jamoasidan 9 million evroga qimmat baholangan.
Transfer summasi 8 million evroga teng bo‘lgan Abbosbek Fayzullaevning bir o‘zi Tojikiston, Qirg‘iziston, Hindiston, Turkmaniston va Afg‘oniston tarkiblaridan qimmat.
Fikrlar