
Husanovsiz himoya rasvo bo‘ladi!
“Manchester Siti” Angliya Premer-ligasining dastlabki uchta uchrashuvidan ikkitasida mag‘lubiyatga uchragani Xosep Gvardiola jamoasi tarkibida ayrim muammolar borliginidan dalolat beradi.
Ayniqsa, boy berilgan uchrashuvlarda himoyachilarning xatosi natijaga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Ekspertlarning aksariyati murabbiylar shtabi hali ham himoya chizig‘ini to‘liq shakllantira olmaganini ta’kidlayapti.
O‘z navbatida, “Manchester Siti”ning butun dunyoga yoyilgan muxlislari ijtimoiy tarmoqlar orqali har bir o‘yinga o‘z munosabatini bildirib kelmoqda.
Sports.uz portali xorijlik futbol ishqibozlarining Abduqodir Husanov va uning o‘yini bo‘yicha fikr-mulohazalarini o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola etadi.
Shuaibu Doro:
Gvardiola “Husanov bo‘lganida ikkinchi golga olib kelgan hujumni qaytara olardi”, dedi. Mana shu gap bilan hammasiga oydinlik kiritildi. Husanov “shaharliklar” himoyasining kelajagi.
Paul Cunningham:
Husanov juda tezkor futbolchi va uning bu xususiyati jamoa uchun juda zarur. Keyingi paytda Abduqodir hujumga o‘tishga harakat qilyapti. Yoshko Gvardiol qaytganidan keyin Husanov aynan u bilan himoya markazida o‘ynashi kerak.
McCollins Peter:
Husanov Gvardiolaga yoqadigan himoyachi ega bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha xususiyatlarni o‘zida jamlagan. Faqatgina oldinga o‘tishni yaxshilab o‘zlashtirib olishi lozim. Bunga ham erishadi, deb o‘ylayman. Qolgan masalada hech qanday e’tiroz yo‘q.
Moussa Essa Khonteh:
Xosep Gvardiola muammoni to‘liq hal qilmayapti. Jamoamizning eng zo‘r himoyachilari bu Husanov va Gvardiol. Lekin Pep negadir o‘zbek futbolchisini har doim ham maydonga tushiravermaydi. Bunday qilishiga birorta sabab yo‘q, aslida.
Vitalis Ndlovu:
Men yangi mavsumda himoya markazida Husanov va Vitor Reys tandemi o‘ynashini istagan edim. Bu yosh yigitlarning salohiyati juda yuqori.
Pa Pee:
Husanov har bir uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda boshlashi kerak.
Kå Bøøm:
Mening fikrimcha, “Manchester Siti” himoyasi markazida Ruben Dias va Abduqodir Husanov birga o‘ynashi kerak.
Agoot Ayor Mabil:
Husanov zo‘r o‘yinchi. Himoya markazida Husanov Ruben Dias, Jon Stounz yoki Yoshko Gvardiol bilan hamkorlikda o‘ynasa zo‘r bo‘lardi.
Amon Chirchir:
Bundan keyingi o‘yinlarda Pep himoya markazini Husanov va Gvardiolga topshirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Manchester City Feed:
Husanov “Brayton” bilan o‘yinda top-himoyachi ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Abduqodir uchrashuv davomida barcha yakkakurashlarda g‘olib chiqdi, to‘pni yaxshi nazorat qildi, oldinga o‘tib, hujum tashkil qilishga urindi, to‘pni jarima maydonchamizdan uzoqlashtirdi.
Husanov jarohat olib, o‘rnini Diasga bo‘shatib berishi bilan mag‘lubiyatga sabab bo‘lgan golni o‘tkazdik. Mana shuning o‘zi Abduqodirning jamoadagi o‘rni naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Biz tezroq qaytishini kutamiz. Chunki Abduqodir Husanov, Jon Stounz va Yoshko Gvardiolsiz himoya chizig‘i – rasvo bo‘ladi.
Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safiga 2025 yilning 20 yanvarida qo‘shilgan. “Shaharliklar” o‘zbek futbolchisi uchun Frantsiyaning “Lans” klubiga 40 million evro miqdorida badal puli to‘ladi.
21 yoshli futbolchimiz “Lans” tarixidagi eng qimmat transfer egasi hisoblanadi. Nufuzli manba – transfermarkt.world portali ekspertlari Husanovni 35 million evroga baholamoqda. Abduqodir Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisidir.
Husanovda ayb yo‘q! Abduqodirning o‘yini qanday baholandi?
Husanovni oxirigacha o‘ynatmagan Gvardiola alamli mag‘lubiyatdan keyin nima dedi?
“Manchester Siti” fanatlarining Husanovga munosabati qanday?
Fikrlar