
Superkompyuter O‘zbekistonning Osiyo kubogida g‘olib chiqish imkoniyatini baholadi (foto)
Qatar mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogi boshlanmoqda. Bu galgi musobaqada qit’amizning eng kuchli 24 mamlakati terma jamoalari g‘oliblik uchun kurashadi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan musobaqa qoidasiga ko‘ra, oltita guruhda dastlabki ikki pog‘onani egallagan va eng yaxshi ko‘rsatkichga ega to‘rtta uchinchi o‘rin sohiblari pley-off bosqichida kurashni davom ettiradi.
Qit’aning eng nufuzli futbol turniri boshlanishi arafasida tahlilchilar, ekspertlar, mutaxassislar ishtirokchilarning g‘oliblik yo‘lidagi imkoniyatlari, qaysi futbolchilar porlashi mumkinligi kabi ma’lumotlarni taqdim etmoqda.
Opta statistik platformasining superkompyuter Qatardagi Osiyo kubogi ishtirokchilarining g‘olib bo‘lish imkoniyatlarini baholadi.
Sun’iy intellektning maxsus algoritmga asoslangan hisob-kitobiga ko‘ra, qit’a chempionatida g‘olib chiqishga asosiy da’vogar sifatida Yaponiya milliy terma jamoasi ko‘rsatilgan. Tarkibi asosan Evropaning kuchli ligalarida o‘ynayotgan o‘yinchilardan shakllantirilgan Yaponiyaning musobaqada g‘olib chiqish imkoniyati 24,6 foizga baholandi.
Evropa ligalari va milliy chempionatlarda faollik ko‘rsatayotgan o‘yinchilar uyg‘unligiga asoslangan Janubiy Koreya terma jamoasining chempionlik salohiyati 14,3 foizni tashkil qilmoqda.
Jismonan kuchli futbolchilardan tarkib topgan Eron milliy terma jamoasi bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha uchinchi o‘rinda. Forslarning chempionlik imkoniyati 11,2 foizga teng.
Amaldagi Osiyo chempionlari, ya’ni qatarliklar sovrinni o‘zida saqlab qolishi superkompyuter tomonidan 9,8 foizga baholandi.
Qatarliklardan oldingi o‘rinlarda Avstraliya (10,7 foiz) hamda Saudiya Arabistoni (10,6 foiz) terma jamoalari qayd etilgan.
Opta statistik platformasiga tegishli sun’iy intellekt O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogida g‘olib chiqish imkoniyatini 2,5 foizga tengligini ko‘rsatdi.
Hamyurtlarimizning qit’a chempionatidagi eng yuqori natijasi 2011 yili qayd etilgan. O‘shanda futbolchilarimiz musobaqaning yarim finaligacha etib borgan va chempionatni to‘rtinchi o‘rinda yakunlagan.
Umuman olganda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu paytga qadar 17 marotaba o‘tkazilgan mintaqaviy turnirda etti marta qatnashgan.
Mustaqillikni qo‘lga kiritganidan keyin chempionatda uzluksiz ishtirok etib kelayotgan bosh jamoamiz umumiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha 10-o‘rinda. Osiyo chempionatining final qismida futbolchilarimiz 28 ta uchrashuv o‘tkazib, 13 ta g‘alaba, to‘rtta durang, 11 ta mag‘lubiyat qayd etgan. To‘plar nisbati 42:45.
Adolat yuzasidan aytish joizki, umumiy reytingda O‘zbekiston milliy terma jamoasidan yuqorida turgan to‘qqizta jamoa musobaqada kamida to‘qqiz marotaba qatnashgan. Xususan, musobaqa mezboni – Qatar bizdan bir pog‘ona yuqorida turibdi. Qatarliklar Osiyo kubogida 10 marotaba qatnashib, 39 ta bellashuvda maydonga tushgan. G‘alabalar soni O‘zbekistonniki bilan teng – 13 ta. Ular yana 11 ta durang va 15 mag‘lubiyat qayd etgan.
Osiy chempionatida eng ko‘p ishtirok etgan terma jamoalar Eron va Janubiy Koreyadir. Ular 17 marta tashkil qilingan musobaqadan 14 tasida qatnashgan.
Turnir to‘purari ham eronlik Ali Dayi. U qit’a chempionatlarida raqiblar darvozasini 14 marotaba ishg‘ol qilgan.
Rekordchilar orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterov ham tilga olinadi. Tajribali posbonimiz beshta Osiyo chempionatida qatnashgan yagona futbolchi sifatida rekord o‘rnatgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining musobaqadagi to‘purari Aleksand Geynrix bo‘lgan. Kreativ hujumchimiz turnirlarda o‘z hisobiga oltita gol yozdirib qo‘ygan.
Nihoyat, Osiyo kubogiga eng ko‘p ega chiqqan milliy terma jamoa Yaponiyadir. Kunchiqar yurt vakillari to‘rt marotaba bosh sovrin sohibi bo‘lgan.
Fikrlar