
O‘rinboevning “Brentford”dagi debyut o‘yini qanday baholandi?
O‘zbek futbolchilari ham sekin-asta Evropaning kuchli beshlik ligalari jamoalaridan o‘z o‘rinlarni topmoqda. Italiyada Eldor Shomurodov boy tajriba to‘plab bo‘lgan va uni Evropada yaxshi tanishadi.
O‘tgan yozda Frantsiya chempionatiga yo‘l olgan “Lans”dagi vakilimiz Abduqodir Husanov ham Liga 1, Evropa Chempionlar ligasi va Evropa Ligasida ishtirok etib, muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozonmoqda.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Muhammadali O‘rinboev esa, qishki transferlar oynasi yopilish arafasida Angliyaning “Brentford” klubiga ijaraga yuborildi. “Brentford”ning yoshlar jamoasidan joy olgan 18 yoshli hujumkor futbolchimizning ijara muddatidagi asosiy vazifasi angliyalik murabbiylar ishonchini qozonish hisoblanadi.
Muhammadali “Brentford B” jamoasining “Reding U-21” futbolchilariga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvini boshlang‘ich tarkibda boshladi. “Brendford” klubining rasmiy brentfordfc.com sayti ushbu o‘yin bo‘yicha hisobotni taqdim etdi va unda o‘zbek futbolchisining faol o‘ynagani alohida tilga olingan.
Sports.uz portali mazkur uchrashuv hisobotining Muhammadali O‘rinboevning o‘yini haqidagi ma’lumotlarini o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola etadi.
- Yangi o‘yinchi Muhammadali O‘rinboev ilk bor “Brentford” libosida maydonga tushib, qariyb bir soat davomida maydon markazida kuchli o‘yin namoyish qildi.
Bellashuvda har ikki jamoa hujumkor o‘yin namoyish qildi, to‘pga egalik qilishga va himoya chizig‘ini yorib o‘tishga harakat qildi.
“Brentford” gol urish uchun eng vaziyatga 16-daqiqada ega bo‘ldi. Chens Xedmenning burchak zarbasidan so‘ng O‘rinboev yo‘llagan zarba darvoza yonginasidan o‘tib ketdi.
Muhammadali O‘rinboev “Brentford”dagi ilk o‘yinida o‘ziga berilgan vaqtdan maksimal darajada unumli foydalanishga harakat qilib, jamoadoshlariga raqib darvozasi yonida qulay vaziyatlar yaratib berdi, uning ijrosidagi jarima va burchak to‘plari ancha xavfli ancha ko‘rinish oldi.
38-daqiqada O‘rinboevning aniq pasidan keyin Eshli Xey qulay vaziyatdan foydalana olmadi, ikkinsi vaziyatda raqib darvozaboni zarbani qaytarib qoldi.
Muhammadali 59-daqiqada o‘z o‘rnini Lisbiga bo‘shatib berdi. Aynan mana shu futbolchi o‘yindagi hisobni ochdi. Biroq, bellashuvning 88-daqiqasida hisobni tenglashtirgan “Reding”, bahsga qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi – 1:2, - deb yozdi brentfordfc.com sayti.
Muhammadali O‘rinboev “Paxtakor”ning eng iqtidorli tarbiyalanuvchilaridan hisoblanadi. Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan hujumkor futbolchi O‘zbekiston Superligasi, Osiyo Chempionlar ligasi va mamlakat kubogida jami 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.
Shuningdek, u O‘zbekiston U-18 terma jamoasi safida oltita o‘yinda maydonga tushib, Rossiya U-21 terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘rinboevning “Brentford” bilan ijara shartnomasi joriy yilning 30 iyunigacha davom etadi. Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portali 18 yoshli futbolchimizni 200 ming evroga baholagan.
Fikrlar