Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. Mourinyu - o‘ziga xos raqib. O‘n ikkinchi bob

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Joze Mourinyudan potentsial tahdid borligiga men 2004 yili amin bo‘ldim. "Chelsi" bosh murabbiyi sifatida o‘tkazgan ilk press-konferentsiyasida u  "Men o‘zgachaman", dedi. U matbuotni yorqin so‘zlar bilan chalg‘itarkan, men ichimda "Bu qanday betakalluf surbet bo‘ldiykan?" deb o‘yladim.

U hali yangi va yosh yigit, demak tanqid qilishga hali erta degan fikrga keldim. Lekin u "Chelsi" da ishlash uchun etarlicha ishonch va idrokka ega ekan, deb o‘ylab qo‘ydim.

Men Karlush bilan Joze to‘g‘risida ko‘p gapirardim. U Jozeni akademiya kezlaridan tanirdi. Portugaliyada Joze Karlushni talabasi bo‘lgan. "So‘zsiz, mening eng yaxshi shogirdim", - derdi Keyrush. Bunday maqtovlardan so‘ng men Jozeni kuzata boshladim. U o‘zi belgilagan umidlar to‘lqini bo‘ylab suzardi, ushbu to‘lqin uni Portudan Londonga, Roman Abramovichning oldiga olib kelgandi. Joze kurashda oxirigacha tik tura oladigan yigitlardan biri edi. Uni psixologik to‘qnashuvga chorlash noma’qul fikrligini tushundim. Men kurashish uchun o‘zgacha yo‘l tutdim.

2004 yilning avgustidan to 2006 yilning may oyiga qadar biz atigi bitta trofeyni qo‘lga kiritdik - bu Liga Kubogi-2006. Mourinyuning "Chelsi" klubi qatoramasiga ikki bor chempionatda g‘olib bo‘ldi. "Arsenal" chetga chiqib qolgach, Abramovichning davlati hamda Jozening menedjerlik mahorati bizning yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘ldi.

An’anaga ko‘ra, bizning chempionat uchun ko‘rgan tayyorgarligimiz mavsumning ikkinchi yarmida o‘z samarasini ko‘rsatardi. Bizning finishimiz doim shiddatli kechardi. Ushbu an’ananing poydevori bo‘lmish ilm va jasorat bizga eng muhim o‘yinlarda asqatardi.

Joze shaharda yangi odam edi, u bir talay mol-mulkka ega bo‘lgan xo‘jayin qo‘l ostida ishlardi. Reputatsiya uning yo‘llarini tozalab tashlardi. 2004 yili kuzda Jozedan o‘zini ko‘rsatib, shiddatli start olish talab etilgandi.  "Chelsi" olti ochkoga ilgarilab ketdi, va biz ularga etolmadik. "Ko‘klar" chempionlik poygasiga sensatsion ravishda qo‘shilgach, Joze ko‘pgina o‘yinlarda minimal hisobda g‘alaba qozondi. Ular gol urardi va bekilib olardi. "Chelsi"ni engish endi og‘ir masalaga aylandi. Mourinyu kelgach, men "Stemford Brij"da biror marta ham g‘alabaga erisholmadim.

Mavsum oldi yig‘inlarda Joze asosiy e’tiborini himoyaga qaratardi. Odatda ular uchta himoyachi, ikkita qanot o‘yinchisi va markazda romb bo‘lib o‘ynardi. Bunday sxemaga qarshi harakatlanish ancha mushkul.

Ilk bor biz 2003/04 yilgi Chempionlar ligasida to‘qnash keldik - "Portu" bizni nimchorak finalda turnirdan chiqarib yubordi. Birinchi uchrashuvdan so‘ng ikkalamiz o‘zaro aytishib qoldik. Men ko‘pincha birinchi o‘yinlarda hamkasblarim bilan tortishib ketardim. Joj Grem bilan ham u boshqarayotgan "Arsenal"ga qarshi kechgan ilk o‘yinda to‘qnashgandim. Keyinchalik ikkimiz do‘stlashib ketdik. Mourinyu bilan ham xuddi shunday bo‘ldi. Men hamisha uni juda iltifotli va chiqimishli inson deb hisoblardim.

"Portu" futbolchilarining butun o‘yin davomida amalga oshirgan sho‘ng‘ishlari meni g‘azablantirdi. O‘ylashimcha, men haddimdan oshib ketdim va uni hayratga soldim. Jozega tashlanib noto‘g‘ri qildim. Meni eng zardamni qaynatgan narsa, Kinni maydondan chetlatilishi bo‘ldi. Martin O'Nilni "Portu" futbolchilarining "Seltik"ka qarshi kechgan final bahsidagi xulqi bo‘yicha bildirgan noroziligi ham xotiramdan hamon o‘chmagandi. Men o‘sha finalni ko‘rib chiqdim, ammo "Portu" hamda boshqa portugal klublari o‘rtasidagi farqni topolmadim. Lekin Martin o‘zini bosolmasdi, men ham Jozening jamoasi sportga xos bo‘lmagan tarzda o‘ynayotganiga o‘zimni ishontirdim.

Ilk taasurotim bo‘yicha, Roy Kinni referi xatosi tufayli maydondan chetlatishdi. Takroriy lavhada Kin darvozabonga tegishga intilganligi ko‘rindi. Biz o‘n kishi bo‘lib qoldik, va javob uchrashuvini Roysiz o‘tkazadigan bo‘ldik.

"Old Trafford"da bosh hakam o‘zini g‘alatiroq tutdi. Biz oxirgi uch yoki to‘rt daqiqani hujumda o‘tkazdik. Ronaldu hujumchini aldab o‘tdi, ammo uni chalib yiqitishdi. Laynsmen qoidabuzarlikni ko‘rsatdi, lekin rossiyalik hakam o‘yinni to‘xtatmadi. "Portu" hujumga o‘tib ketdi va gol urdi.

Final hushtagi yangragach, men Jozeni g‘alaba bilan tabrikladim. Qachonki raqib sizni turnirdan chiqarib yuborsa, unga omad tilashni unutmang. Biz bir bokaldan vino ichdik, va men unga aytdim: "Omadingiz chopdi, keyingi raundlarda muvaffaqiyat tilayman".

Navbatdagi "Old Trafford"ga bo‘lgan tashrifida u o‘zining Barca-Velha vinosidan olib keldi, va bu narsa an’anaga aylandi. "Chelsi"dagi vino g‘oyat yomon edi, nimagaligini bilmayman. Bir kuni men Abramovichga dedim: "Bu eritgichning o‘zi-ku". Kelasi hafta u menga bir quti Tignanello vinosidan etkazdi. Eng oliy navlardan biri, ajoyib vino.

Jozening "Old Trafford"da maydon cheti bo‘ylab sakrab chopishiga kelsak, men ham shunday qilgan bo‘lardim. "Sheffild Uensdey"ga urgan golimizni yodga oldim. Brayan Kidd o‘shanda maydonga tiz cho‘kib oldi, men esa chetda turib olib shodlanardim. O‘z hissiyotlarini namoyon etadigan insonlarni men hurmat qilaman. Bu degani, ularga baribir emas.

"MYu" ustidan qozonilgan g‘alaba Jozening obro‘yini ko‘tardi. UEFA Kubogi finalida "Seltik"ni taslim etish boshqa, Chempionlar kubogidan "Yunayted"ni chiqarib yuborish boshqa. Taxminan 2008 yillarda men unga shunday dedim: "Bilmadim, qachon nafaqaga chiqaman. Nafaqadan qo‘rqsang, qarish ham qiyin bo‘larkan". "Ketmang, siz meni ilhomlantirasiz", - dedi Joze. U yana uning oldida ko‘plab variantlar borligini, lekin Angliyaga qaytishni xohlayotganini aytdi. 2013-yil iyunda "Chelsi"ga qaytishdan oldin, u "Inter" bilan Chempionlar Ligasini, "Real" bilan La-Ligani  yutdi.

Kim bilan suhbatlashgan bo‘lsam, barcha Joze futbolchilarga yaxshi munosabatda bo‘lishini ta’kidlagan. U o‘ta sinchkov, lekin u bilan yaqindan tanishsangiz, qanchalik dilkash insonligiga amin bo‘lasiz. Joze o‘z ustidan kulishni biladi. Venger yoki Benites bunga qodir emas, menimcha.

2010-yil Joze "Real" boshqaruvini qo‘lga olgach, men uning faoliyatini zavq bilan kuzata boshladim. Madridda ishlagan har bir murabbiy ularning falsafasiga ko‘nikishiga to‘g‘ri kelardi. Bu "galaktikos" falsafasi. Mourinoni yollab, ular Chempionlar Kubogida g‘alaba qozonish uchun uning o‘yinni his etish uslubiga ko‘nikishga rozi bo‘lishgan.

Har bir kasbda bo‘lgani kabi, siz nimanidir qo‘shasiz, va hammasi o‘zgaradi. "Menga yoqmadi, shu uchun pul to‘laganmidim.  Men uchun 1:0 hisobidagi g‘alabadan ko‘ra,4:5 hisobidagi mag‘lubiyat afzalroq", deydigan muxlislar "Santyago Bernabeu"da topilmasa kerak. Shunday qilib, Jozening Madriddagi faoliyati meni zabt etdi. Bu uning karerasidagi eng katta chaqiruv edi. U o‘zining "Portu", "Inter" va "Chelsi" dagi metodlari effektiv ekanligini isbotladi. U ikki bor Chempionlar kubogini qo‘lga kiritdi. "Real"ni-chi, o‘z qarashlari orqali o‘zgartira olarmikan? Boshida uning perspektivasi yo‘qdek tuyuldi, chunki Joze butun jamoa bo‘lib hujum qilish yo‘lida o‘zining asosiy printsiplaridan chekindi. Zamonaviy futbolda bunday yo‘l bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini angladi. "Barselona"ning hujumi o‘ta jozibali, ammo to‘p yo‘qotilishi bilan butun jamoa bo‘lib ortga tashlanishadi. Ular buning ustida tirishqoqlik bilan ish yuritishmoqda. "Real" besh yil ichida uch bor Chempionlar ligasi finaliga chiqqanida, madridliklar safida eng zo‘r futbolchilar to‘p surishardi: Zidan, Figu, Roberto Karlos, Fernando Yerro, Iker Kasilyas. Klod Makelele maydon markazida duch kelgan narsani yutib yuborardi.

Ular g‘alabadan so‘ng Galaktikos falsafasini saqlab qolishdi, bir to‘da gollandlarni, Devid Bekxemni, van Nistelroyni, Robinoni xarid qilishdi. Ammo chempionlar Kubogi "Real"ga o‘shandan buyon hali nasib qilmadi. Morinyu yirik jamoalarni barpo eta olishini isbotladi, lekin Madridda unga xohlaganidek ish yuritishga qo‘yisharmikan - meni shu qiziqtirardi.

Joze shubhasiz pragmatik. Nima bo‘lsa ham Mourinyuning jamoasi yutqazmasligi shart - bu uning falsafasining asosiy nuqtasi. "Barselona"ga qarshi Chempionlar Ligasining yarim finalida "Inter" to‘p nazoratini 65 % raqibiga topshirishidan u xabardor edi. Buni barcha jamoalar bilishadi. "Barselona" siyosati - bu maydon markazida to‘pni egallab olish. Agar siz o‘sha joyga to‘rtta o‘yinchi qo‘ysangiz, ular beshta qo‘yishadi, agar olti kishini qo‘ysangiz, ular etti kishini chiqarishadi. Shu bilan birga ular to‘pni o‘rta chiziq va himoyachilar to‘rtligi orasiga ko‘chirishadi. Bu chalkashlik kishining boshini aylantiradi. Vaqti vaqti bilan siz to‘pni olib qo‘yishingiz mumkin. Karuselga nazar tashlang, va men nima demoqchiligimni anglaysiz.

Demak, Joze "Barselona" bilan bo‘lgan uchrashuvda uning o‘yinchilari to‘p nazoratini susaytirishini bilardi. Lekin uning o‘z quroli mavjud edi - kontsentratsiya va pozitsiyani to‘g‘ri tanlash. Markaziy yarim himoyachi Esteban Kambyasso ushbu konstruktsiyaning asosiy figurasi edi. Messi qaerga yugursa, u ham o‘sha erga borardi. Hammasi juda oddiy bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo barcha himoyaviy harakatlar o‘zaro bog‘liq bo‘lsa, sehrli natijaga erishish mumkin. Keyinchalik men "Real" o‘yinini kuzatdim - Joze 15 daqiqa ichida uchta almashuvni amalga oshirdi. Barchasi himoyaviy jihatdan, g‘alaba uchun ko‘zlanilgan.

Bu voqea bizning 2000-yillar o‘rtasidagi uchrashuvlarimizdan  ancha keyin ro‘y berdi. O‘shanda "Chelsi" 50 yil davomida ilk bor APL ni qo‘lga kiritgandi, 12 oy o‘tib esa, 2006-yil yozida muvaffaqiyatini takrorladi. 2004/05 mavsumi biz uchun g‘oyat yomon o‘tdi, keyingi mavsumda biz faqatgina Kubok ligasini qo‘lga kiritdik. Yangi jamoa o‘sib borayotgandi, ammo men ushbu klub qatoramasiga uchta chempionatni yutib olishini hali bilmasdim.

Strategiyamiz doirasida biz Kin, Skoulz, Giggz va Nevillarni ketishini taxmin qilgan holda o‘zgarishlar kiritdik. Lekin kutilmaganda, Kindan tashqari, ularning uchchalasi ham jamoada qolishdi. Biz yosh o‘yinchilarni to‘plashga harakat qilardik, ular rivojlanishlari uchun Giggz, Skoulz va Nevillarning tajribasi asqatardi. Hozir men o‘sha siyosatni haqiqiy muvaffaqiyat deb baholayman.

Ha, biz 2004/05 yillarda nursiz mavsum o‘tkazdik. Angliya Kubogi finalida penaltilar bo‘yicha "Arsenal"ga imkoniyatni boy berdik. Men o‘shanda Runi va Ronalduning perspektivalarini ko‘rdim, ular "Arsenal"ni shoshirib qo‘yishdi. Biz darvoza tomon 21 ta zarba berdik. Chempionlar Ligasining 1/8 finalida biz "Milan"ga ikki bor bir xil, 0-1 hisobida yutqazdik, ikki golni ham Ernan Krespo urdi. Qayta qurishdan men qo‘rqmasdim. Bu odatiy hol. Futbol klubi xuddi oila kabi: ba’zan birovlar tark etishadi. Ba’zida ularning o‘zlari buni xohlashadi, ba’zida sen buni istaysan, ba’zan esa ikki tomonda ham o‘zga iloj yo‘q - jarohatlar yoki yosh muammosi.

Bizni tark etgan buyuk futbolchilar haqida gap ketganida, meni his-hayajon bosadi. O‘z navbatida karerasi pastlab borayotgan o‘yinchini men doimo kuzataman.  Ichimda mulohaza qilaman: "U qachon ketmoqchi? U bizga yana qancha vaqt foyda keltira oladi?". Vaqt menga muhim pozitsiyalar uchun zahirada yosh o‘yinchilarni saqlashni o‘rgatgan. Shuning uchun, 2005-yil 10-may kuni bizning maydonimizda chempionlikni tantana qilgan "Chelsi" uchun sharafli yo‘lakka saflanib turganimizda, men Abramovichni boyligiga tan berishni hatto o‘ylab ham ko‘rganim yo‘q.

"Chelsi" juda katta psixologik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ular yarim asr deganda ilk bor chempion bo‘lishdi va endi o‘zlariga boshqacha nazar bilan qarashardi. Biz olgan saboq - agar yangi raqibimiz "Chelsi" bilan bellashmoqchi bo‘lsak, mavsumni sust start bilan boshlamasligimiz lozim. Kelasi mavsumni boshida biz parvoz qila boshladik, lekin hammasi puchga chiqib ketdi. Eng pastki nuqtamiz mehmondagi "Lill"ga qarshi o‘yin bo‘ldi, muxlislarimiz yosh o‘yinchilarimizni hushtakbozlikka olishdi. Buning sababi Roy Kinning MUTV ga bergan intervyusi bo‘ldi, u ba’zi o‘yinchilarni ishtiyoqsizlikda ayblagandi.

O‘ta mudhish harakat. Roy o‘z jamoadoshlari to‘grisidagi gaplari bilan muammoni yanada chigallashtirdi. Maydonda biz o‘ta xunuk tarzda harakat qildik, o‘sha oqshomgi 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat mening oxirgi yillardagi eng pastgi nuqtamga aylandi.

Roy Kin "MYu"ni tark etgach, o‘sha oy, noyabrda, biz Jorj Bestni ham yo‘qotib qo‘ydik. Jorj juda yaxshi yigit edi. U qandaydir sertashvish bo‘lib, hayajon bilan gapirardi. U o‘zini ishonchsiz his qilardi, bu esa u bilan suhbat qurgan kishini asabiga tegardi. Eslayman, biz Yaponiyada barga kirgandik, u bilan bir qiz ham birga edi. Jorj uyalganidan lom-mim deya olmadi. U futboldan keyin yaxshi yashashi mumkin edi. Yoshlarga murabbiylik qilish uning tabiatiga balki to‘g‘ri kelmas. Buni ko‘plar bilishmasa kerak, u judayam kallali edi. Dafn qilish marosimi Belfastda juda ajoyib miqyosda tashkil etildi. Men uning kichkina va kamtarin bo‘lgan otasiga qarab, o‘ylab qoldim: "Axir u tarixdagi eng buyuk futbolchilardan birini tarbiya qilgan inson". Belfastlik kichik va yuvosh inson. Jorj nimaga bunchalik damdum bo‘lgani endi tushunarli.

Ushbu davlatda futbol jamiyatini asosan ishchi klass tashkil qiladi, va bu insonlar nuqsonli personajlarni sevishadi: Bestni, Gaskoynni, Jimmi Jonstonni. Ular o‘z fazilatlarini yuksak bo‘lmagan qahramonlardan topishadi. Ularga axloqiy noustuvorlik yaqin. Jimmi hech bir sho‘xlikni o‘tkazib yubormaydiganlardan edi.

Jok Steyn har juma oqshomida telefonga tikilib turgan.

"Hozir u qo‘ng‘iroq qiladi, - takrorlayvergan Jok. - Hozir u telefon qiladi".

Odatdagidek qo‘ng‘iroq quyidagi so‘zlar bilan boshlangan: "Lanarkshir politsiyasi, mister Steyn. Bizda Jimmi".

Jorj Best so‘zsiz Chempionlar Kubogida g‘alaba qozongan "Yunayted"ning bir qismi edi. O‘sha kampaniyada biz trofeydan uzoq edik. 2005 yil sentabrda "Vilyareal"ga qarshi kechgan uchrashuvda Runi qizil kartochka oldi. 0-0 hisobi bilan yakunlangan o‘yin chog‘ida Ueyn bosh hakam Kim-Milton Nilsenga istehzoli qarsak chalgani uchun jazolandi. Ushbu referi 1998 yilgi jahon chempionatida ham Devid Bekxemni maydondan chetlatgandi. Juda noxush referi. Nilsen UEFA ning eng odamni zardasini qaynatagigan hakamlari qatoriga kirardi. Uning tayinlangani haqida eshitganlar dong qotishardi. Boshqa bir o‘yinda Runi Grem Pollni o‘n martalar so‘kkandi. Ammo Poll insoniyligini namoyish etdi, u Runining so‘kishlariga e’tibor qaratmadi. Bu tomondan Runi Pollni Nilsendan ko‘ra ko‘proq hurmat qiladi. "Vilyareal" bilan bo‘lgan o‘yin davomida Xayntse tizza payini yirtib yubordi, sal avvalroq esa u o‘z agenti bilan transfer haqida so‘z ochgandi.

"Benfika"dan 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat va Chempionlar ligasidagi omadsizlik matbuotning biz haqimizdagi noma’qul mulohazalariga sabab bo‘ldi. Agar murabbiyni o‘z ishiga ma’suliyatsizlikda ayblashsa, men buni tushunaman, ammo meni yoshim o‘tkanligim uchun yutqazayapti deyish juda xunuk taxmin. Futbolda shunday davr bo‘lganki, top-o‘yinchilar Premer-liga klublarini hech qanday tayyorgarliksiz boshqarishgan. Tajribali menedjerlarni chetga surib qo‘yishgan. "Nyukasl"dan haydalgan Bobbi Robsonga qarang. Sem Ellardaysga o‘sha klubda olti oy muhlat berildi. Bema’nilik. Men juma kungi matbuotni g‘azab bilan o‘qirdim. Mendan hech kim "Sizning muddatingiz o‘tmadimi?", deb so‘ramagandi. Ammo ular buni yozib chiqarishdi. Ular murabbiyni yo‘q qilish uchun qalam kuchidan foydalanishadi.

Impulsning o‘z mantig‘i bor. Muxlislar deyishadi: "Seni aytayotganlaring rost", lekin men buni yillar davomida ta’kidlab kelganman. Biz qaerga qarab borayotganimizni men bilardim. Bizga ma’lum muddat kerakligini ham bilardim. Agar men ajoyib bir yangi jamoa qura olishimni his qilmaganimda, o‘z xohishim bilan ketardim. Men Runi va Ronalduga ishonardim. Men skautlar xizmatiga ishonardim. Ular bizni oldingi darajaga olib chiquvchi futbolchilarni topishardi. 2006 yili biz birgina Liga kubogini yutganimizga qaramasdan, jamoamiz bir nechta ajoyib o‘yinlar o‘tkazdi.

"Benfika"dan mag‘lub bo‘lganimizdan so‘ng, biz formamizni tikladik va "Uigan", "Aston Villa", "Vest Brom" va "Bolton" klublari ustidan g‘alabaga erishdik. Biz "Chelsi"dan 9 ochko orqada borayotgan edik. Bizga Vidich hamda Evra kelib qo‘shilishdi. Himoyadagi harakatlarimiz ustida deyarli har hafta ishlardik, asosan tashlab qo‘yilganlari ustida: pozitsiya, to‘pni olib qo‘yish, hujumchilar harakati, himoyachilar chiqishlari. Biz markaziy doirada ikki forvard va ikki qanot o‘yinchilari bilan boshlardik. Shu zahotiyoq to‘p yon qanotga tepilardi, qanot esa shu joydan uzatmani amalga oshirardi, uchinchi pas jarima maydonchasi burchagidan uzatilardi. Himoyachilar zarbaga, krossga va jarima tomon uzatmaga e’tibor berishga majbur bo‘lishardi.

Bizning o‘yin madaniyatimiz o‘zgardi. Siz himoyalanishni xush ko‘radigan markaziy yarim himoyachilarni bilasizmi? Vidich buni yoqtirardi. U balanddagi yakka kurashlarni yaxshi ko‘rardi. Ikkinchi qavatdagi kurash unga ilhom bag‘ishlardi. Vidich - jiddiy, murosasiz, mag‘rur serb yigiti. 2009-yil u mening oldimga keldi va uni chaqirib qolishi mumkinligi haqida  ogohlantirdi:

- Nima deganing bu, qanaqa chaqiruv? - xavotirga tushdim men.

- Kosovo. Men u erga bormoqchiman. Bu mening qarzim.

U qo‘lini ko‘ksida ushlab turardi.

Iste’dodlarni qidirishda biz chegaralar va qit’alarni bosib o‘tardik. Jerar Pikeni biz yoshlar turnirida topib olgandik. "Barselona"ning yosh o‘yinchilariga ilk bor "Arsenal" o‘z eshiklarini ochdi va Sesk Fabregasni sotib oldi. Biz ham Pike oilasi bilan muzokaralar chog‘ida shunga asoslandik. Muammo shunda ediki, Pikening bobosi "Kamp Nou" boshqaruvida turardi. Jerarning oilasi "Barselona"ning tarixi bilan chambarchas bog‘langandi.

"Barselona"da ketma-ket bir nechta murabbiy almashdi. Pike - ajoyib o‘yinchi, u Ispaniyaga qaytish istagini bildirganida, men juda xafa bo‘ldim. U juda zo‘r pas beradigan tanho futbolchi, g‘oliblar psixologiyasiga ega shaxs. Uning oila a’zolarining barchasi muvaffaqiyatli insonlar. Ming afsuski, u Ferdinand-Vidich juftligi tarqalishini kutgisi kelmadi. Bu mening muammom edi. Pike va Evans o‘n yillar davomida ajoyib juftlikka aylanishlari mumkin edi.

Chempionlar ligasining yarim finaldagi "Barselona" bilan 0:0 hisobidagi durrang o‘yinidan so‘ng Pikening otasi men bilan mehmonxonada uchrashdi. U kataloniyalik klub Jerarni qaytarib olmoqchi ekanligini aytdi. Pikening ota-onasi ham o‘g‘lini tezroq qaytishini xohlayotgandi. Jerar uchun bizda asosiy jamoadagi o‘yinlar etishmayotgandi, u "Barselona" asosidan o‘rin olishiga ishonardi. Voz kechish muzdi 8 million evroni tashkil qildi. Biz uni UEFA ning o‘sha paytdagi qoidalariga binoan 180 ming dollarga xarid qilgandik.

Evropaning yirik klublari keyinchalik yoshlarini Angliyaga ketib qolmasligi uchun bir qator choralarni ishlab chiqishdi. Pike hamda Fabregasga o‘xshagan futbolchilar yillar mobaynida vatanini tark etishi ularga yoqmasdi. Agarda biz yosh ingliz iste’dodini sotib olmoqchi bo‘lsak, u uchun 5 million funt to‘lashga to‘g‘ri kelardi. Lekin nima uchun bizdan o‘z jamoasiga kerak bo‘lmay qolgan o‘yinchi uchun 500 ming funt talab qilishadi? Richard Ekersli uchun "Barnli" bizga yarim million funt taklif qildi. Biz bir million so‘radik. Chunki uni 12 yil tarbiyalaganmiz. Agar o‘yinchi birinchi jamoaga tushsa, badal puli ko‘payishi lozim.

Barchamiz baho berishda adashamiz, men ham o‘sha yillari bir nechta xato qildim: Kleberson, Jemba-Jemba va h.k.lar. Menga ko‘pincha Ralf Milnni eslatib, jig‘imga tegishardi. O‘z vaqtida uni men 170 ming funtga sotib olgandim. Yordamchilarim menga deyishardi: "Boss, bizga yana bitta Ralfi Miln kerak". Ular 20 yil davomida men bilan ishlab, buni hamon unutishmagan. Uillyam Prune. Hatto Patris Evra bir kuni mendan so‘radi: "Boss, sizda Prune o‘ynagani rostmi?"

Rayan Giggz boshini egib, javobimni kutardi.

- Ha, bizda ko‘rikdan o‘tgandi", - javob berdim.

- Rostanmi? Qancha muddat?

- Ikkita o‘yin.

- Ikkita o‘yinli ko‘rik?

Yangi o‘yinchini birinchi navbatda ko‘niktirish lozim: bank, uy, til, transport va h.k. Til muammosi odatda eng katta muammo. Valensiya bundan aziyat chekdi. Antonio uchun bu ishonch masalasi edi. Men frantsuz tilida yozaman va o‘qiyman, lekin ushbu tilda gapirishga ishonchim etmaydi. Antonio buni bilardi. U bir kuni mendan so‘radi: "Frantsuz tilini bilasizmi?". Nimaga shama qilayotganini tushundim. Lekin men unga agar Frantsiyada ishlaganimda, frantsuz tilida gapirishga urunib ko‘rgan bo‘lardim, dedim. Valensiya esa Angliyada ishlardi, xuddi shu holat.

Valensiya o‘ta jasur o‘yinchi edi, uni qo‘rqitib bo‘lmasdi. U bir necha bor mushtlashishga ham majbur bo‘lgandi. U kurash quyqumiga otiladi va raqibni qo‘llari bilan qamrab oladi.

2006 yilgi yana bir ahamiyatli yozgi transfer - bu Maykl Kerrik. Biz uni sotib olmoqchi bo‘ldik, Devid Gill  mendan so‘radi: "Qancha to‘lashga tayyorsan?".

"Agar sen uni 8 millionga xarid qilsang,yaxshi bitim imzolagan bo‘lasan".

Men Devid qaytib kelib aytgan gaplarini hech esimdan chiqarmayman: "Daniel Levi maoshni oshirishingni so‘ramoqda, shundan so‘ng ular bir qarorga kelisharkan".

Biz haftalab tortishdik. Biz Mayklning mavsum oxiridagi "Arsenal" bilan bo‘lgan o‘yinini kuzatdik, va Martin menga shunday dedi: "U aniq "Manchester Yunayted"ga mos futbolchi". O‘ylashimcha, ilk taklif 14 million funtni tashkil qilgan, keyinchalik narx 18 millionga chiqqan.

Kerrikning oldinga oshirishlari meni hayratlantirdi. U paslarning ulkan diapazoniga ega bo‘lib, o‘yinni qizg‘inlashtirib yuborishi mumkin edi. Bir necha oy o‘tgach, biz nima uchun Maykl gol urolmayotganidan tashvishlana boshladik. Mashg‘ulotlarda u ajoyib zarbalarini namoyish etardi, ammo o‘yin davomida kerakli nuqtalardan tepmasdi. Biz birgalikda buning ustida ishladik. Biz unga kuchli tomonlarini ochishi uchun ko‘proq erkinlik berdik. Bizda u yangi sifatlarini oshirdi.

Maykl - ajoyib yigit. U kamtar bola, har zamonda uni qo‘zg‘atib turish ham kerak. Mavsumni u unchalik yaxshi boshlamaydi. Biz bu haqda gaplashib ham ko‘rgandik - unga nima halal berishini. Lekin oktabr oxiriga kelib hammasi iziga tushib ketardi.

Men ketganimdan keyin Mourino "Chelsi"ga qaytdi. "Ko‘klar" safida oldinlari mening Premer-ligadagi sevimli o‘yinchim to‘p surardi. Janfranko Dzola sehrli futbolchi edi. Uning bizga "Stemford Brij"da urgan golini eslayman: ko‘tarildi va zarbadan oldin to‘xtab oldi. Dzola ustalik bilan o‘z niyatini amalga oshirayotgan bir paytda, katta Palli uning yonidan sirg‘anib o‘tib ketdi. Palli o‘sha kuni ko‘p gap eshitdi. Brayan Robson dedi: "Senda muvozanatni saqlash uchun kam bo‘lsayam imkon bor emasmidi?" Lekin men Dzolani jilmayib o‘ynashini ko‘proq yoqtirardim.

Javohir Ochilov tarjimasi 

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. Ruud van Nistelroy. O‘n birinchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. Futbolsiz hayot. O‘ninchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. Roy Kin. To‘qqizinchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi: Ronaldu. Sakkizinchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. Ettinchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi: Rio. Oltinchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi: Bekxem. Beshinchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi: Yangilanish. To‘rtinchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi: Iste’fo. Keskin burilish. Uchinchi bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi: Glazgo ildizlari. 2-Bob

Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. O‘y va hayollar. Birinchi bob

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!